Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mas’uliyat va ishonch birligi
17:43 / 2020-12-29

Mamlakatimiz Prezidenti Sh. Mirziyovning bugun Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasini tinglab, yangi O‘zbekistonning 2021 yildagi va undan keyingi istiqboli qiyofasini yaqqol tasavvur etdik. Bu, aytish mumkinki, davlat rahbarining yurt kelajagi va xalq baxt-saodati yo‘lida olib borayotgan adolatli siyosatining izchil davom etajagini ko‘rsatib berdi.

– Kelayotgan yilning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb atalishida ham muhtaram Prezidentimizning ichki siyosatda ijtimoiy sohaga katta e’tibor qaratayotganini sezish mumkin. Yaqinda Prezident ishtirokida o‘tkazilgan yoshlar forumida aytilgan gaplar, belgilangan vazifalar hamda keyingi oylarda sog‘liqni saqlashga doir chiqarilgan farmon va qarorlar mohiyati murojaatnomada yana ham oydinlashdi. Mamlakat taqdiri har jihatdan aholi salomatligiga va o‘sib kelayotgan yosh avlodning qanday shakllanishiga bog‘liq ekanligini parlament minbari orqali butun halqqa yana bir bor uqtirildi, deb o‘ylayman.

– Ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va rivojlantirish haqida gapirganda, Prezidentimiz bir qator yangiliklarni, hukumat rejalarini sanab o‘tdi. Bu ulug‘vor vazifalar, ezgu niyatlar yurtimiz aholisining salomatligini yanada mustahkamlashga, jumladan, olis qishloq joylarida ham shahardagidek qulay va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, birlamchi tibbiy sanitariya xizmatini rivojlantirish orqali tizim faoliyatini tubdan yangilashga qaratilgandir.

Kelgusi yildan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Prezident parlamentga murojaatida mazkur yo‘nalishdagi ishlarga 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishini ta’kidladi. Bu jarayon bilan 2021 yilda 11 million nafar, 2022 yilda 17 million nafar aholi qamrab olinadi. Millat kelajagi, yosh avlod slomatligi uchun bu katta g‘amxo‘rlikdir.

Biz, tibbiyot va sog‘liqni saqlash xodimlari, Prezidentimizning murojaatnomasidan ruhlanib, o‘z oldimizga qo‘yilayotgan keng ko‘lamli vazifalar uchun mas’uliyatni yanada chuqurroq his etmoqdamiz. Murojaatnoma halqimizning har bir fuqarosi qalbida, u oddiy dehqonmi yo ziyoli olim, qaysi ijtimoiy qatlamga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar, kelajakka komil ishonch paydo qiladi. Shu bilan birga zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Mas’uliyat va ishonch birligi, albatta, xalqimizni yanada porloq istiqbol sari yetaklashiga shubha yo‘q.

G‘afur SAIDOV,

Buxoro viloyati hokimligi

sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i.