Oramizda shunday insonlar borki, tanlagan kasbiga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qo‘rini, mehrini baxshida etadi. Markaziy kon boshqarmasining 2-Gidrometallurgiya zavodi Quyultirish sexi nasos qurilmalari mashinisti Shaxriyor Suyunov ham kasbiga bo‘lgan sadoqati, fidoiyligi tufayli jamoasi orasida hurmat-e’tibor topdi va o‘z kasbi yo‘nalishida ko‘plab shogirdlar yetishtirdi.
Samarqandning Urgut tumanida tug‘ilib o‘sgan Shaxriyor aka armiya xizmatini o‘tab qaytgandan so‘ng, o‘z mehnat faoliyatini Markaziy kon boshqarmasining 2-Gidrometallurgiya zavodida boshlagan. Mehnatda toblangan, uzoq yillar davomida tajriba to‘plagan qahramonimizning mehnat daftarchasida birgina kasb – Quyultirish sexi nasos qurilmalari mashinisti kasbi yozilgan. Mana 33 yildirki, zavodda samarali mehnat qilish barobarida o‘nlab yoshlarga ustozlik qilib kelayotgan Sh.Suyunov yoshlarga mehnat ortidan topilgan ehtirom bahosiz ekanligini ta’kidlashdan charchamaydi.

Dunyoga dong taratgan 999,9 probali sof oltinni ishlab chiqaruvchi, bir necha yuzlab texnika va texnologiyalarning tinimsiz harakati, minglab ishchilarning uyiga aylanib ulgurgan gigant korxonada, uning har bir sexida ishlash insondan bilim, fidoyilik, shu bilan birga ehtiyotkorlik, ko‘nikma va tajriba talab etadi. Zavodning Quyultirish sexi oltinni ajratib olishda muhim sanalgan bosqichlardan birini bajaradi. Sh.Suyunov mazkur sexda smena asosida faoliyat olib boradi. Yuqori quvvatli nasos qurilmalariga xizmat ko‘rsatish ishlari o‘ta mashaqqatli va katta mas’uliyatli bo‘lsada, Shaxriyor akaga hech bir qiyinchilik tug‘dirmaydi. Boisi, korxonadagi sog‘lom muhit, jamoaning ahilligi, qolaversa, oilasining tinchligi ham korxonada uzoq yil mehnat qilishiga zamin yaratdi, imkon berdi, desak xato qilmagan bo‘lamiz.

– Hayot bu harakat. Zimmamizdagi topshiriqlar hech qachon yakuniga yetmaydi. Asosiysi uni sifatli bajarishda. Albatta, kunlik yoki oylik rejalarni bajarilishi butun zavod mehnatkashlarining yutug‘i deb hisoblayman. Qachonki, inson qilayotgan ishidan mamnun bo‘lsa, o‘z ishini sidqidildan bajaradi, – deydi biz bilan suhbatda qahramonimiz. – Men Quyultirish sexida turli tizimdagi nasoslar va nasos quvurlari bilan jihozlangan suv, bo‘tana va boshqa qovushqoq bo‘lmagan suyuqliklarni umumiy uzatishi 10000m3/soatdan yuqori bo‘lgan yuqori quvvatli nasos qurilmalariga xizmat ko‘rsataman. Shu bilan birga maydalanmagan shag‘al toshlarni ajratib beruvchi barabanli g‘alvirlarni uzluksiz ishlashini nazorat qilaman. Har doimgi smenamni dvigatel, barabanli g‘alvirlar va nasoslarni qo‘shish, ish tartibini rostlash va to‘xtatishdan boshlayman. Bu insondan o‘ta hushyorlikni va mas’uliyatni talab etadi. Tartib bor joyda taraqqiyot bo‘ladi. Zavodimizda har bir kasb egasi o‘z vazifasini mukammal egallashi talab etilgani bois ham oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishib bormoqdamiz.

Shaxriyor Suyunovdan kasb sirlarini o‘rgangan yosh mutaxassislar ustozi bilan yelkama-yelka turli lavozimlarda faoliyat olib bormoqda.
– Har birimiz qaysi bir sohada mehnat qilmaylik, hayot so‘qmoqlaridan odimlab borishimizda ustozlik qilgan insonlarning yordami bilan kasbimizda kamol topamiz. Zavodimizning ko‘p ming kishilik mehnat jamoasi rejaga kiritilgan vazifalarni to‘laqonli va o‘z vaqtida bajarayotganligi ham Shaxriyor Suyunov kabi ustozlar xizmatining samarasidir, – deydi Quyultirish sexi mexanigi Nurmurod Zoirov. – Markaziy kon boshqarmasi tizimida ustoz-shogird an’analarining davom etib kelayotganligi ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirishning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda. Biz ham ustozlarga ergashib, ularning faoliyatidan ibrat olib, o‘z ishining ustasi bo‘lishga intilmoqdamiz. Shaxriyor aka ishda o‘ziga va shogirdlariga nisbatan o‘ta talabchan. Biz yoshlarga kasbiy mahoratini oshirib borish kerakligini muntazam ta’kidlab keladi.
Kombinatda halol mehnat qilgan, o‘z ishining yetuk mutaxassisi, malakali va mohir zavod ishchisi sifatida hurmat-e’tibor topgan maqolamiz qahramoni Sh.Suyunov ham rahbariyat tomonidan bir necha marotaba faxriy yorliq hamda tashakkurnomalarga sazovor bo‘lgan.
Oila inson baxt-saodatini ta’minlovchi qo‘rg‘ondir. Shaxriyor aka va Muqaddas opa Qilichevaning baxt qo‘rg‘onida to‘rt o‘g‘il Shoxruz, Diyorbek, Elyorbek va Sardorbek kamolga yetdi. Hozirda katta o‘g‘illari Shoxruz Markaziy kon boshqarmasi tizimida faoliyat yuritsa, Diyorbek va Elyorbek Koreya davlatining jahon tan olgan universitetlaridan biri Xanyang universiteti talabalari hisoblanadi. Oilaning kenjasi Sardorbek ham hozirda oliy o‘quv yurtida o‘qish niyatida imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jamoada tajribali ustoz, yetuk mutaxassis hisoblangan qahramonimiz oilasiga ham, farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga ham mas’uliyat bilan qarashga odatlangani bois ham uning qalbida saodat, baxt, mehr-muhabbat doimiy mehmon.
Nafosat Ziyoyeva,
“NKMK” AJ MKB muxbiri.
O‘zA