Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi punktlar ochildi
09:31 / 2022-09-27

Prezidentimizning 2022 yil 16 maydagi "Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatining 6 ta hududida mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiy yordam punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Boyovut tumanining "Iftixor", Yangiyer shahrining "Navro‘zobod", Sirdaryo tumanining "Malik", Sardoba tumanining "Paxtakor" hamda Guliston tumanining "Olmacha" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qad rostlagan va moslashtirilgan tibbiy punktlarda mastlik holatida bo‘lgan va mustaqil harakatlanish qobiliyatini yo‘qotgan shaxslarga xizmat ko‘rsatiladi.

60 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur tibbiy punktlar zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Qolaversa, har bir tibbiy punktga 5,2 shtat birligida ishlovchi vrach, 5,25 shtat birligida ishlovchi hamshira, navbatchi farrosh biriktirildi.

Barcha xarajatlar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.

— Mazkur muassasalarga mastlik holatida bo‘lgan, mustaqil harakatlanish va fikrlash qobiliyatini yo‘qotgan shaxslar ichki ishlar xodimlari tomonidan olib kelingach, davolash profilaktika ishlari Ichki ishlar xodimlari bilan maslahatlashgan holda olib boriladi, — deydi Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Akromjon Azizqulov. —  Muassasalarga olib kelingan shaxslarga qarorda ko‘zda tutilganidek, 12 soat oralig‘igacha bo‘lgan vaqt uchun belgilangan tartibda bayonnoma, 12 soatdan oshgan vaqt uchun kasallik tarixi rasmiylashtiriladi. Ana shu vaqt oralig‘ida mastlik holatidagi shaxslar tomonidan agressiv xati-harakatlar sodir etilgan taqdirda soha xodimlari tomonidan "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga binoan tegishli choralar ko‘riladi.

 

Sh. Suyarov, O‘zA