English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mast holda avtomobil boshqargan shaxs 5 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etiladi
16:02 / 2022-03-14

Ichki ishlar vazirligi tomonidan yangi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, mast holda avtomobil boshqarganlik uchun 5 yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX boshlig‘i Olimjon Saidov ma’lum qildi.

Olimjon Saidovning ma’lum qilishicha, ayni paytda 8 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, ikkita qonun, bitta Prezident qarori hamda to‘rtta hukumat qarori loyihalari tayyorlanmoqda. “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlash va o‘limlar holatini keskin kamaytirish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi shular jumlasidan. 

Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga mast holda mashina haydaganlik uchun transport vositasini boshqarish huquqidan 5 yil muddatga mahrum qilishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirish kiritilishi ko‘zda tutilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra transport vositalarini alkogolli ichimlik, giyohvand modda ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqargan haydovchilar transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil-u olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilinadi.  

Shu bilan birga mast holda rulda o‘tirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima solinishi qat’iy belgilanmoqda. Amaldagi jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarini tashkil etadi.  


Sh.Mamaturopova, O‘zA