Hisob palatasi tomonidan Byudjet kodeksining 26-moddasiga asosan mahalliy byudjetlarning 2022 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti tashqi audit va baholashdan o‘tkazildi.
Tashqi audit hamda masofaviy tarzda olib borilgan risk-tahlillarda kuzatilgan shubhali holatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
O‘rganishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan asossiz ravishda mablag‘larni xarajatlar smetasini shakllantirish jarayonida byudjet tashkilotlariga ajratib bermasdan markazlashtirgan holda jamlab, keyinchalik boshqa yo‘nalishlarga qayta taqsimlanganligi aniqlandi.
Shuningdek, o‘tkazilgan o‘rganishda markazlashtirilgan mablag‘lardan tanlov asosida 102 mlrd. so‘mning sarflanishi tekshirilganda, 13,2 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Jumladan, 71,2 mlrd. so‘mlik qurilish va ta’mirlash ishlarini bajarishda 7,5 mlrd. so‘mlik asossiz ortiqcha mablag‘lar olingan hamda sifatsiz ishlar bajarilgan bo‘lsa, 30,8 mlrd. so‘mlik asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklar 6,7 mlrd. so‘mga qimmat narxlarda xarid qilingan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ullarga qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga ko‘rsatma yuborildi.
Shuningdek o‘rganish yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi, deya xabar beradi Hisob palatasining Matbuot xizmati.
O‘zA