Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Masofaviy ta’lim: jarayon va natijalar
15:27 / 2024-03-26

Tahlil va taklif

Masofaviy ta’lim, deganda avval ko‘pchilikka bilim olish va ta’lim berishga yuzaki yondashishdek tuyulgani bor gap. Ammo bugungi kunda yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limni tashkil qilish va uning istiqbollari bo‘yicha milliy va xorij tajribalar asosida faol tizim yaratildi.

Albatta buning uchun texnologik imkoniyatlar ham o‘z o‘rnida muhim. Xo‘sh, bugun masofaviy ta’lim tajribalari qanday samara bermoqda? Shu kabi savollar yuzasidan Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi Ta’lim samaradorligini tadqiq qilish bo‘limi boshlig‘i To‘lqin Mamataliyev bilan suhbatlashamiz.

– Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyunda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unga asosan masofaviy ta’lim qabul parametrlari va yo‘nalishlari tacdiqlandi. 2022/2023 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassa­salari bakalavriatining masofaviy ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari 3410 tani, shundan 2410 nafar talaba o‘zbek tilida, 1000 nafari rus tilida tahsil olishi belgilandi.

Shu jihatdan Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi tomoni­dan Oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limni tashkil etish holati va istiqbollari bo‘yicha milliy va xorijiy tajriba qiyosiy tahlil qilindi.

Unda ta’lim tizimi rivojlangan xorijiy mamlakatlar – Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Finlyandiya, Braziliya, Kanada, Xitoy, Hindiston, Turkiya hamda masofaviy ta’lim bo‘yicha faoliyat olib boruvchi nufuzli xalqaro tashkilotlarning tajribalari o‘rganib chiqildi.

Bundan tashqari, masofaviy ta’lim sifati va undagi kamchiliklarni aniqlash maqsadida ushbu ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasi­da so‘rovnoma tashkil etildi. So‘rovnomada ishtirok etgan 2610 nafar talabaning fikr-mulohazalari o‘rganildi.

So‘rovnoma ishtirokchilarining 1553 nafari (61,1 foiz) masofaviy ta’lim ishdan ajralmagan holda bilim olish imkoniyatini bergani uchun jozibador deb hisoblaydi.

– So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, qanday muammo va kamchiliklar aniqlandi?

– Natijalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, talabalarga masofaviy ta’lim platformasi haqida atroflicha ma’­lumot berilmasdan o‘qish jarayoni boshlangan. Bu, o‘z navbatida, talabalar o‘rtasida ko‘plab tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda.

Yana bir jihat masofaviy ta’lim shaklida ko‘plab dars soatlari talabalarning ish vaqtiga to‘g‘ri kelib qolayotgani talabalar uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Masofaviy ta’lim ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olish shakli ekanligini inobatga olsak, dars soatlari vaqtini talabalarning ish vaqti bilan muvofiqlashtirishga zarurat tug‘ilayotgani ma’lum bo‘ladi.

Darhaqiqat, ko‘plab platformalarda dars mashg‘ulotlarini interaktiv shakllarda olib borishning imkoni yo‘q. Masofaviy ta’lim platformalarining dizayn jihatdan sodda ishlab chiqilganligi, bunda interaktiv kontentlarning yetishmasligi talabalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini pasaytirishi ham tabiiy.

Shuningdek, platformada har bir o‘quv kursi bo‘yicha o‘zaro muloqotni ta’minlovchi kichkina guruhlarni tashkil qilib bo‘lmaydi. Bu esa talabalar o‘rtasida o‘zaro muloqotning kamayishiga olib kelib, ta’limning integrativ xarakterini zaiflashtirmoqda.

Yana bir jihat: aksariyat OTMlar bitta guruhda ta’lim olishi kerak bo‘lgan talaba­larning belgilangan miqdoriga rioya qilmayotganini ham kuzatish mumkin. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi nizomida ta’lim oluvchilarning maksimal soni: guruhda – 25 nafar bo‘lishi kerakligi belgilangan. 30 nafardan ortiq talabadan iborat guruhlarning ko‘pligi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yuqorida aytilganidek, mamlakatimizning chekka hududlarida internet aloqa tizimi bilan bog‘liq texnologik muammolarning hanuzgacha dolzarb bo‘lib qolayotgani shu hududda yashovchilarning masofaviy ta’lim olish imkoniyatlarini cheklamoq­da.

– Masofaviy ta’­limni tashkil etishning ijobiy jihatlari nimalarda ko‘zga tashlandi?

– Masofaviy ta’lim shaklida yoshi hamda ijtimoiy holatidan qat’i nazar, aholining keng qatlami ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, iqtisodiy jihatdan ta’lim oluvchilar uchun ham, OTMlar uchun ham samaralidir, chunki unda boshqa an’anaviy ta’lim turlariga qaraganda xarajat va to‘lovlar ancha kam. Bu OTMga borish-kelish uchun sarflanadigan vaqtni tejash imkonini beradi.

– Masofaviy ta’limni tashkil etishga oid ilg‘or xorijiy tajribalar ham o‘rganildimi?

– Albatta, mazkur tadqiqot doirasida oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limni tashkil etishga oid ilg‘or xorijiy tajriba ham o‘rganildi.

Masofaviy ta’limni dunyo bo‘ylab tarqatishda va rivojlantirishda xal­qaro tashkilotlarning roli katta bo‘lmoqda. Xususan, 1938-yilda Norvegiyada asos solingan International Council for Open and Distance Education (ICDE) tashkiloti masofaviy ta’limga zamonaviy texnologiyalarni olib kirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu xalqaro tashkilot har ikki yilda dunyo bo‘ylab masofaviy ta’lim bo‘yicha konferensiyalar tashkil etib keladi. Konferen­siyalarda tashkilotga a’zo davlatlar vakillari tomonidan masofaviy ta’lim sohasidagi dolzarb muammolarni hal etish hamda ushbu sohani yanada rivoj­lantirish borasida qizg‘in bahs-munozaralar olib borilmoqda.

Yevropaning nufuzli tashkilotlaridan biri “European Distance and E-Learning Network” (EDEN) esa a’zo davlatlar o‘rtasida masofa­viy ta’lim bo‘yicha so‘nggi yutuqlarni almashishga ko‘maklashadi.

Masalan, Germaniyada oliy ta’lim sohasida maso­faviy ta’limni boshqarish va nazorat qilish uchun “Forum DistancE-Learning” assotsiatsiyasi tuzilgan. Unga 2016-yilda 80 ga yaqin xususiy muas­sasalar a’zo bo‘lib, ular 400 000 dan ortiq talabaga masofadan ta’lim berib kelmoqda.

Buyuk Britaniyaning Belfast universitetida farmatsevtika, Kardif universitetida esa tibbiyot yo‘nalishidagi masofaviy magistrlik kurslari ochilgan, ularda talabalar soni 20 nafardan ko‘p bo‘lmasligi belgilangan.

AQSHdagi Southern New Hampshire universitetida hozirda 34 000 dan ortiq talaba mavjud bo‘lib, ta’lim jarayoni mahalliy, xalqaro va e’tibor­lisi, harbiy o‘rganuvchilarga moslashtirilgan. AQSHda masofaviy ta’lim konsorsium va notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Avstraliyada masofaviy ta’limning o‘ziga xos jihati shundaki, talabalarning 9 foizi aralash ta’limni o‘z ichiga olgan multimodal ta’limda tahsil oladi.

Finlyandiya 2000-yillardan boshlab masofaviy ta’lim dasturlaridan foydalanib kelmoqda.

Kanadada masofaviy ta’lim va onlayn ta’limni rivojlantirish uchun 11 ta universitet hamda Sanada Virtual University (CVU) hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan edi. Keyinchalik ularning Ta’limda media va texnologiyalar assotsiatsiyasi va Masofaviy ta’lim assotsiatsiyasi birlashib ta’limda innovatsiyalar tarmog‘iga aylantirildi. Bu tashkilot zimmasiga Kanadada masofaviy ta’limni boshqarish va nazorat qilish vazifasi yuklandi.

Turkiya Oliy ta’lim Kengashi universitetlarda masofaviy ta’limni joriy etish uchun mas’uldir. Bir qator universitetlarda masofaviy ta’lim­ni rivojlantirish uchun alohida markazlar faoliyat olib boradi.

Turkiyada ilk bor 2014-yilda “Oliy ta’lim tashkilotlarida masofa­viy ta’lim qoidalari va tamoyillar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan. Bu masofaviy ta’limda vujudga kelgan muammo va kamchiliklarni barta­raf etish, masofaviy ta’lim sifatini oshirishga imkon yaratdi.

– Yuqoridagi so‘rovnoma va xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili asosida qanday takliflarni ilgari surasiz?

– Avvalo, so‘rovnoma natijasidan ma’lum bo‘ldiki, ko‘plab talabalar masofaviy ta’lim platformasida ishlash noqulayligi, texnik muammolar va o‘quv-kontentlarning zerikarli ishlanganligiga e’tiroz bildiradi. Shunday ekan, OTMlarda masofaviy ta’lim o‘quv kontentlarini yaratish uchun ommabop va qulay bo‘lgan platformalar bilan ham­korlik qilib, ulardagi o‘quv kontentlaridan andoza olgan holda milliy masofaviy ta’lim kontentlarini yaratish lozim.

Ikkinchidan, davlat tashkilotlari hamda xususiy sektorga qanday bi­lim, ko‘nikma va malakaga ega kadrlar kerakligini tahlil qilib, shu asosida masofaviy ta’limda o‘quv dasturlarini ishlab chiqish zarur.

Uchinchidan, dunyoda ko‘plab mutaxassislar videokonferensiyani masofa­viy ta’limni tashkil qilishni eng samarali usuli, deb hisoblamoqda. Shu bilan birga, masofaviy ta’limda videokonferensiya davomiyligi kunlik 2 soatdan oshsa, talabalarda zerikish va diqqatni jamlay olmaslik holatlari kuzatilishini inobatga olib, 2 soatdan oshirmaslik lozim. Buning o‘rniga ta’lim jarayonini sinxron tarzda tashkil etish kerak. Bu ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim oladigan talablarga ancha qulay.

To‘rtinchidan, OTMlardagi masofaviy ta’lim shaklining asosiy muammolardan biri – ta’lim sifatini tekshirish mexanizmlari yaratilmaganligi hamda mavjud platformada fan doirasida kichkina guruhlarni tashkil qilib bo‘lmasligi­dir. Shunday ekan, masofaviy ta’lim uchun foydalanadigan platformani dizayn jihatdan qiziqarli qilib yaratish hamda talabalarga mavzu doirasida kichik guruhlar va Quiz o‘yinlarini yaratish imkoniyatini berish kerak. Bunda biz talabalarni mavzuni qanchalik o‘zlashtir­ganlik darajasini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Beshinchidan, masofaviy ta’lim sifati ko‘proq professor-o‘qituvchi­larga bog‘liq, shu bois ularning ko‘nikmasini tizimli rivojlantirish, malakalarini muntazam oshirib borish chora-tadbirlarini ishlab chiqish zarur.

Oltinchidan, LMS platformalarining xavfsizligini oshirish maqsa­dida, Avtoproktoring tizimi bilan birgalikda shaxsni identifikatsiya qilish komponentini platformalarga joriy qilish kerak. Bu tizim va kompo­nentlar platformalar shaffofligini yaxshilashga xizmat qiladi. Ularni OneID tizimi bilan birlashtirish orqali masofaviy ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarni identifikatsiya qilish mumkin.

Yettinchidan, talabalarga darslik va dars jadvallaridan foydalanish qulay bo‘lishi uchun LMS platformasining mobil ilovasini yaratish maqsadga muvofiqdir. Bu talabalarga dars mashg‘uloti vaqtini, sillabus hamda dars jadvalini tez va oson topish imkonini beradi.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/i3dTPzF2Q0g" title="MASOFAVIY TAʼLIM: JARAYON VA NATIJALAR" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

 

O‘zA muxbiri

Abdulaziz RUSTAMOV

 suhbatlashdi.