Xalq demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Soliq kodeksiga raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirish uchun o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Loyihada soliq nazoratiga, xususan, “masofaviy soliq tekshiruvi” tushunchasiga aniqlik kiritish va ushbu soliq tekshiruvini tashkil etish tartibini soddalashtirish masalasiga e’tibor qaratilgan.

Soliq to‘lovchi tomonidan markirovkalash qoidalarini buzish holatlari soliq organining axborot tizimi orqali aniqlanganda, huquqbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha ikki marta ogohlantirish berilishi belgilanmoqda. Ya’ni, maqsad qoida buzilgan holatda birdaniga jarimaga tortish emas, balki ogohlantirish orqali qonun ustuvorligini ta’minlashga urg‘u berilmoqda. Agar rasmiy ogohlantirishdan keyin ham huquqbuzarlik aniqlansa, u holda jarima qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Loyihadagi normalar tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA