French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Masofaga qaramasdan qalblar yaqinlashdi
11:40 / 2025-12-26

Vatan tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar uchun ota-ona duosi, oilaning mehr-muhabbati eng katta ma’naviy tayanch hisoblanadi.

Aynan shu ezgu qadriyatlarni yanada mustahkamlash, harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni kuchaytirish maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismda muhim va samimiy tadbir — telemost shaklidagi uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda Nukus shahri va Samarqand viloyatidan  muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yigitlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi.  

Masofa va vaqt to‘siqlariga qaramay, telemost orqali tashkil etilgan ushbu muloqot qalblarni birlashtirib, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi sog‘inch va mehrni yana bir bor namoyon etdi.

Uchrashuv davomida ota-onalar farzandlari bilan bevosita muloqot qilish, ularning xizmat sharoitlari, kundalik mashg‘ulotlari, yashash tartibi va sog‘ligi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.  

Harbiy qismdagi tartib-intizom, yaratilgan sharoitlar va harbiy xizmatchilarga qaratilayotgan e’tibor ota-onalarda katta mamnuniyat uyg‘otdi. Ular o‘g‘illarining safdagi qat’iyligi, mas’uliyat hissi va xizmatga bo‘lgan jiddiy munosabatini ko‘rib, xursand bo‘lishdi.

Suhbat jarayonida harbiy xizmatchilar ham ota-onalariga harbiy hayot ularga hayotiy saboq, mustaqil qaror qabul qilish, intizom va jamoaviylikni o‘rgatayotganini ta’kidlashdi. Ular ota-onalarining doimiy qo‘llab-quvvatlashi, duolari va ezgu tilaklari xizmat yo‘lida ularga kuch, ishonch va bardamlik bag‘ishlayotganini samimiyat bilan e’tirof etdilar.

Telemost davomida yangragan iliq so‘zlar, samimiy tabassumlar va hayajonli lahzalar uchrashuvga alohida ruh bag‘ishladi. Bu muloqot ota-onalar uchun farzandlarining harbiy xizmatni munosib o‘tayotganiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi, harbiy xizmatchilar uchun esa oilaning mehrini his etish, Vatan oldidagi burchini yanada mas’uliyat bilan ado etishga undovchi kuchli ma’naviy rag‘bat bo‘ldi.

Tadbir yakunida farzandlarini Vatanga sadoqat, mardlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalarga minnatdorchilik ramzi sifatida tashakkurnomalar topshirildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri