Insoniyat ma’naviy-ma’rifiy hayotining, Badiiy So‘z dunyosining Odam Ato yerga tushgandan to shu kunga qadar yashab o‘tgan, yashayotgan sultonlari bor.
Ular katta-katta davrlar ruhini o‘zlarida mujassam etadi. Jaloliddin Rumiy ana shunday So‘z sultonlaridan biridir.
Bugun Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazida mavlononing So‘z tojidagi guhari sharif bo‘lmish asari “Ma’naviy masnaviy”ga bag‘ishlab “Masnaviydan taralgan yog‘du” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomondan tashkil etilgan ushbu tadbir doirasida “Oydin” nashriyotida chop etilgan “Ma’naviy masnaviy” (Odil Ikrom tarjimasida) hamda ushbu asar asosida bolalar uchun tayyorlangan “Ma’naviy masnaviy”dan hikoyatlar” kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi, shoira Gulchehra Shahobiddin qizi o‘z kirish so‘zi bilan ochib berdi.Shundan soʻng Filologiya fanlari doktori Hulkar Hamroyeva, atoqli yozuvchi, Xalqaro Chingiz Aytmatov akademiyasi akademigi Nurali Qobul, taniqli yozuvchi, kinotsenarist, kinorejissyor Mirzapoʻlat Toshpoʻlatov, shoira, tarjimon Goʻzal Begimlar soʻzga chiqib, yangi tarjima va yangi nashrning ahamiyati xususida fikr yuritdiladilar.

Ustoz shoir va tarjimon Mirzo Kenjabekning elektron tarmoq orqali yo‘llagan tabrik nutqi esa tadbirga o‘zgacha ruh baxsh etdi. Unda, jumladan, shunday so‘zlar yozilgan edi:
“Ba’zi kitoblarda yozilganki, she’riy iqtidor so‘z ahlidan bo‘lgan valiy zotlarga ato etilgan karomatdir, Ilohiy ikromdir. Shubhasiz, “Masnaviy” asari ana shunday karomat mahsuli.
Bas, demak, “Masnaviy” tarjimasi mutarjimdan yuksak darajadagi poklik va pokizalikni, ixlos va muhabbatni talab etadi.
Jahonning eng ulug‘ asarlarining boshqa tillarga qayta-qayta tarjima qilinishi tabiiy va zaruriy hodisadir.
Bu kun jahonning shoh asarlaridan bo‘lmish “Masnaviy ma’naviy” asarining Odil Ikrom tarjimasidagi nashrining taqdimoti bo‘layotir. Bu tarjimaning yaxshi xususiyatlaridan ba’zilari ushbulardir:
1. Odil Ikrom she’riy asarni imkon boricha turkiylashtirishga, ya’ni turkiy-o‘zbekcha muqobil so‘zlar bilan sodda va ravon ifodalashga harakat qilgan.
2. Majoz va haqiqat hikmatlarini, irfoniy-ma’rifiy ifodalarni ma’noga mos o‘girishga intilgan.
3. Oldingi tarjimada yo‘l qo‘yilgan ba’zi juz’iy sahvlarni isloh qilishga uringan (bu farqlar mutarjimning ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan tarjima xususiyatlari borasidagi suhbatida ancha batafsil bayon etiladi).
Odil Ikrom iste’dodli, mehnakash, betama’ tarjimon. Uning hali nashr etilmagan asarlari bor. Muborak “Masnaviyi-ma’naviy” taqdimoti sababi bilan mutarjimga va muhabbatli muxlislarga sidqidildan tabrik aytaman, tarjimani yanada takomillashtirish yo‘lida unga muvaffaqiyat tilab qolaman”.

Tadbirning ikkinchi qismi “Ma’naviy masnaviy”ning tarjimoni hamda bolalar uchun tayyorlangan nashrining nasriy bayoni muallifi, shoir Odil Ikrom va ushbu kitoblarning muharriri, bolalar nashrining loyiha muallifi, shoira Oydinniso bilan ijodiy muloqotga aylanib ketdi. Oydinniso “Ma’naviy masnaviy”dan hikoyatlar” kitobi to‘g‘risida gapirarkan, jumladan, shunday dedi:
– “Ma’anaviy masnaviy”ga muharrirlik qilish jarayonida ko‘pgina bolalarbop hikoyatlarni o‘qidim. Ularni aslidagi kabi she’riy shaklda bolalar tushunmasdi. Bolalarbop hikoyatlarning ifoda uslubini soddalashtirib, nasriy bayon qilish mumkinligini o‘yladim. Bu fikr tarjimonga ham ma’qul bo‘ldi. Shunday qilib, so‘z saltanatiga, donishmandlik va tasavvuf olamiga safar qilish uchun kichkintoy kitobxonlarni ham chorladik.

Tadbir ishtirokchilari tarjimon va muharrirdan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
O‘zA