Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining yettinchi sammiti mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan muhim qarorlar bilan yakunlandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qilgan uchrashuvda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ilk bor to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etdi.
Uchrashuv mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash, strategik hamkorlikni kengaytirish va global tahdidlarga birgalikda javob berish zarurligini ko‘rsatdi. Ozarbayjonning ushbu hamjamiyatga qo‘shilishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida iqtisodiy va transport aloqalarini kuchaytirish uchun yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Muhokama qilingan asosiy yo‘nalishlar – “Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi” hamda “Tahdidlar katalogi” qabul qilingani, 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan choralar rejasi ishlab chiqilgani, terrorizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha tizimli hamkorlik belgilangani mintaqamiz tinchligi va barqarorligi kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Transport va energetika loyihalariga Afg‘onistonni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. “Xitoy–Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li, Transafg‘on yo‘lagi va Transkaspiy yo‘nalishlari muhim loyihalar sifatida tilga olindi.
Mintaqa davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi nafaqat an’ana, balki Markaziy Osiyo birligining yangi bosqichi ramziga aylangan forumdir. Bu jarayonda O‘zbekiston alohida o‘rin egallaydi, u nafaqat hozirgi sammitni qabul qilmoqda, balki formatning asoschisi hamdir. Mamlakat nafaqat ushbu formatning boshida turdi, balki barcha yillar davomida uning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolmoqda.
Uchrashuvlar tashabbuskori Prezident Shavkat Mirziyoyev bo‘lib, uning ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati mintaqa ichidagi munosabatlarni amalda qayta ishga tushirdi. 2018 yil mart oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Ostonada birinchi uchrashuvga yig‘ilganlarida, bu maydon pozitsiyalarni muvofiqlashtirishning doimiy va talabgir mexanizmiga aylanadi deb ko‘pchilik taxmin qila olmagan edi. Bugungi kunda maslahat uchrashuvlarini shunchaki diplomatik marosim deb atash qiyin – bu aniq masalalarni hal qilishga va umumiy maqsadlarga erishishga yordam beradigan samarali formatga aylandi.
Mintaqaviylashuvning yangi bosqichi 2016 yilda, O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligi ostida qo‘shnilar bilan ishonchli munosabatlar o‘rnatishga kirishganda boshlandi. Qisqa muddatlarda eski to‘siqlar olib tashlandi: Tojikiston bilan viza rejimi bekor qilindi, havo qatnovi va temir yo‘l liniyalari tiklandi, chegaralarni delimitatsiya qilish jarayoni boshlandi. Bularning barchasi mintaqa ichidagi hamkorlikka yangi dinamika bag‘ishladi, savdo, turizm va aloqalarni jonlantirdi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining muvofiqlashtirilgan va kelishilgan yondashuvlari mintaqaviy rivojlanish va farovonlikning umumiy maqsadlariga erishishga imkon bermoqda.
O‘zbekiston raisligi doirasida raislik konsepsiyasi va qo‘shma tadbirlar jadvali qabul qilindi. Yil davomida xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, sanoat, energetika, suv xo‘jaligi va ekologiya vazirlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, media va yoshlar forumlari tashkil etildi. Yil oxiriga qadar parlamentlararo forum, mudofaa, savdo va transport vazirlari uchrashuvlari, shuningdek, bir qator madaniy-gumanitar tashabbuslar rejalashtirilgan.
Mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish uchun Toshkent maslahat jarayonining normativ-huquqiy bazasini mustahkamlashga qaratilgan konseptual hujjatlarni tayyorladi. Uchrashuvda Prezidentimiz siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, transport o‘zaro bog‘liqligini kengaytirish, chegaraoldi savdoni rivojlantirish va iqtisodiy hamkorlikning yangi drayverlarini ishga tushirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surdi. Sammit diqqat markazida suv va energetika sohasidagi hamkorlik, iqlim o‘zgarishi va tabiatdan oqilona foydalanish bo‘yicha hamkorlik masalalari bo‘ldi.
O‘tgan yilgi Ostonadagi uchrashuvda davlat rahbarlari hamkorlik uchun uzoq muddatli yo‘nalishni belgilab bergan "Markaziy Osiyo-2040" konsepsiyasini qabul qildilar. Uning asosiy maqsadi – sa’y-harakatlarni birlashtirish va mintaqani o‘ziga xos o‘sish va barqarorlik markaziga aylantirishdir.
Shu bilan birga rasmiy Toshkent xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda. Prezidentimizning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro kun tartibi Afg‘onistondagi vaziyatni asta-sekin ikkinchi planga tushirdi, biroq mintaqa o‘z chegaralarida sodir bo‘layotgan voqealarni e’tiborsiz qoldira olmaydi. Shavkat Mirziyoyev chaqiriqlarga birgalikda javob berish uchun mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikning kompleks konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qilmoqda. Bugungi kunda shu narsa aniq: maslahat uchrashuvlari formati nafaqat takomillashdi, balki mintaqaning siyosiy madaniyatining bir qismiga aylandi. Sakkiz yil ichida Markaziy Osiyo davlatlari bir-birini tinglashni va eshitishni, murosa izlashni va birgalikda qarorlar ishlab chiqishni o‘rgandilar. Va bunda ko‘p jihatdan Toshkentning xizmati bor. Shavkat Mirziyoyevning siyosati tufayli mintaqa o‘zaro da’volar va yopiq chegaralardan ochiq yo‘llarga, qo‘shma loyihalarga va umumiy rivojlanish kun tartibiga o‘tdi.
O‘zbekiston muntazam uchrashuvlar g‘oyasini iqtisodiydan gumanitargacha bo‘lgan real tashabbuslar tug‘iladigan samarali mexanizmga aylantira oldi. Natijada, Markaziy Osiyo tobora mustaqil va nufuzli mintaqaga aylanmoqda, uning yetakchilari nafaqat bir-birlari bilan, balki tashqi hamkorlar bilan ham teng darajada munosabatlarni o‘rnata oladilar.
Mintaqa allaqachon sezilarli natijalarni namoyish etmoqda. So‘nggi besh yilda mintaqa ichidagi savdo 80 foizdan ortiq o‘sdi va 11 milliard dollardan oshdi, potensial esa 15 milliardga yetishi mumkin.
Prezident Mirziyoyev yanada oldinga borishni – yagona mintaqaviy bozorni strategik maqsad sifatida ko‘rib chiqish, boshlanishiga esa mintaqa davlatlari bosh vazirlarining o‘rinbosarlari muntazam uchrashadigan Iqtisodiy kengash ta’sis etishni taklif qilmoqda. Maslahat uchrashuvlarining tashkil etilishi yaqin qo‘shnichilik, o‘zaro sherikchilik, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga, o‘zaro tajriba almashish orqali iqtisodiyotni yanada rivojlantirishga zamin yaratadi.
2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini tashkil etish g‘oyasi qo‘shni davlatlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan edi. 2018 yildan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazila boshlandi. Bunday uchrashuvlar doirasida ko‘plab muammoli masalalar konstruktiv tarzda hal etiladi. Hududiy nizolar, suv taqsimoti, chegara va boshqa dolzarb masalalar maslahat uchrashuvlari kun tartibiga kiritildi.
Bu yutuqlar, birinchi navbatda, iqtisodiy rivojlanishda o‘z aksini topmoqda. Jumladan, 2022 yildan boshlab Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti ketma-ket uch yil davomida yiliga 5 foizdan ortiq o‘sishni qayd etdi. Bu jahon iqtisodiyotining o‘rtacha 3 foizlik o‘sish sur’atidan sezilarli darajada yuqoridir. Yana bir e’tiborga loyiq hodisa – mamlakatlar o‘rtasida muvofiqlashtirishni kuchaytirish, yagona bozorni shakllantirish, sanoat va ta’minot zanjirlari o‘rtasidagi uzilishlarni bartaraf etish bo‘ldi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro savdosi barqaror sur’atlarda o‘sib bormoqda. Agar 2017 yilda tovar ayirboshlash hajmi 3,2 mlrd. dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 6,9 mlrd. dollarga yetdi. Xususan, Qozog‘iston bilan savdo hajmi 4 mlrd. dollarga yaqinlashmoqda, Qirg‘iziston bilan 700 mln. dollarga, Tojikiston bilan 570 mln. dollardan oshgan, Turkmaniston bilan esa so‘nggi besh yilda savdo ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 1,15 mlrd. dollarga yetdi. Ozarbayjon bilan savdo aylanmasi esa yil boshidan buyon 13 foizga o‘sdi.
Toshkentdagi sammit integratsiyaga barqaror yo‘nalishni tasdiqladi va O‘zbekiston yetakchi rol o‘ynaydigan ishonchli va birlashgan mintaqani yaratish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi.
Abdurafiq Hoshimov,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya
universiteti huzuridagi
Diplomatiya akademiyasi
kafedrasi mudiri