Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari bir-biriga birodar bo‘lgan mintaqamiz birlashsa, ulkan va qudratli salohiyatga ega markazga aylanishini ko‘rsatdi. Maslahat uchrashuvlarining tashkil etilishi yaqin qo‘shnichilik, o‘zaro sherikchilik, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga, o‘zaro tajriba almashish orqali iqtisodiyotni yanada rivojlantirish zamin yaratadi. 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini tashkil etish g‘oyasi qo‘shni davlatlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan edi. 2018 yildan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazila boshlandi. Bunday uchrashuvlar doirasida ko‘plab muammoli masalalar konstruktiv tarzda hal etildi. Hududiy nizolar, suv taqsimoti, chegara va boshqa dolzarb masalalar maslahat uchrashuvlari kun tartibiga kiritildi. Bu yutuqlar, birinchi navbatda, iqtisodiy rivojlanishda o‘z aksini topmoqda.
Jumladan, 2022 yildan boshlab Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti ketma-ket uch yil davomida yiliga 5 foizdan ortiq o‘sishni qayd etdi. Bu jahon iqtisodiyotining o‘rtacha 3 foizlik o‘sish sur’atidan sezilarli darajada yuqoridir. Yana bir e’tiborga loyiq hodisa – mamlakatlar o‘rtasida muvofiqlashtirishni kuchaytirish, yagona bozorni shakllantirish, sanoat va ta’minot zanjirlari o‘rtasidagi uzilishlarni bartaraf etish bo‘ldi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro savdosi barqaror sur’atlarda o‘sib bormoqda. Agar 2017 yilda tovar ayirboshlash hajmi 3,2 mlrd. dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 6,9 mlrd. dollarga yetdi. Xususan, Qozog‘iston bilan savdo hajmi 4 mlrd. dollarga yaqinlashmoqda, Qirg‘iziston bilan – 700 mln. dollarga, Tojikiston bilan 570 mln. dollardan oshgan, Turkmaniston bilan esa so‘nggi besh yilda savdo ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 1,15 mlrd. dollarga yetdi. Ozarbayjon bilan savdo aylanmasi esa yil boshidan buyon 13 foizga o‘sdi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi ham katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Birinchidan, sammit arafasida davlatimiz rahbarining e’lon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasi ishtirokchilar uchun muhim, ijobiy, konstruktiv muhit yaratdi. Kun tartibi ham shu asosda shakllantirildi. Ikkinchidan, nafaqat Markaziy Osiyo, balki xalqaro maydonda katta aks-sado berdi. Maslahat uchrashuvi boshqa davlatlar va mintaqalar uchun hamkorlik, hamjihatlik, muloqot va o‘zaro siyosiy ishonch nuqtai nazaridan namuna bo‘lmoqda. Uchinchidan, Ozarbayjon Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. Bu bilan Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz yagona geosiyosiy va geoiqtisodiy makonga aylandi. Agar bu bog‘liqlik yana kuchaytirilsa, bu ikki mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga, xalqlarning farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Ozarbayjon va Markaziy Osiyo Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in, bog‘lovchi ko‘prik hisoblanadi. O‘rta koridorni rivojlantirish mamlakatlarimiz uchun strategik ahamiyatga ega. Transport va logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, bojxona jarayonlarini sinxronlashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar yuk tashish hajmini oshirish, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va xalqaro bozorlarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochib bermoqda. So‘nggi uch yil ichida Ozarbayjon orqali O‘rta koridor bo‘ylab yuk tashish hajmi 90 foizga oshdi. Koridor bo‘ylab o‘tish vaqti sezilarli darajada qisqardi. Yaqin yillarda yiliga 25 million tonna yuk o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladigan Alyat xalqaro porti, Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘li, 9 ta xalqaro aeroport, mintaqadagi eng yirik yuk tashish aviakompaniyasi va boshqa omillar Ozarbayjonni xalqaro transport uzellaridan biriga aylantirdi. Bu yil avgust oyida Vashingtonda Ozarbayjonning asosiy qismini Naxichevan Muxtor Respublikasi bilan bog‘lash bo‘yicha erishilgan kelishuvlar xalqaro tashishlar uchun tranzit imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi. Ozarbayjon hududida Zangezur koridori qurilishi yakuniga yetmoqda. Boshlang‘ich bosqichda 15 million tonna yuk o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lgan bu temir yo‘l O‘rta koridorning muhim arteriyasiga aylanadi. Shuningdek, Zangezur koridorining bir qismi bo‘ladigan avtomagistral qurilishi ham yakunlanmoqda. Raqamli kommunikatsiyalar sohasidagi hamkorlik katta salohiyatga ega. "Raqamli Ipak Yo‘li" loyihasi Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab optik-tolali kabel tarmog‘ini yaratish rejalarini o‘z ichiga oladi. Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab elektr kabeli qurilishi loyihasi xalqaro bozorlarga elektr energiyasini birgalikda eksport qilish uchun katta istiqbollarni ochmoqda.
To‘rtinchidan, davlat rahbarlarining nutqlarida bir-biriga yaqin mavzular, taklif va tashabbuslar ko‘tarildi. Bu mintaqa davlatlarining xalqaro maydonda yakdillikka, uning chinakam sub’ektiga aylanib borayotganini, ovozi balandroq jaranglayotganini namoyish etdi. Beshinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Qirg‘iz Respublikasining 2027-2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zoligiga nomzodi yuzasidan BMTga a’zo davlatlarga murojaati, Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi, Markaziy Osiyo xavfsizligiga xatarlarning katalogi va ularning oldini olish bo‘yicha 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan choralar kabi hujjatlar imzolandi. Bu mintaqa davlatlarining umumiy manfaatlari va yagona pozitsiyasini aks ettiradi. Qo‘shma bayonot esa xalqaro hamjamiyatga Markaziy Osiyo davlatlarining birlashgan va muvofiqlashtirilgan yondashuvga ega ekanligini ko‘rsatadi, bu esa ularning geosiyosiy va iqtisodiy mavqeini oshiradi. Qirg‘iz Respublikasining BMT Xavfsizlik Kengashiga nomzodining qo‘llab-quvvatlashi mintaqaviy birdamlikning yorqin namunasidir. Bu nafaqat Qirg‘izistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlaydi, balki BMT darajasida Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlarini himoya qilish imkoniyatini ham beradi.
Imzolangan hujjatlar shunchaki deklarativ emas, balki aniq amaliy chora-tadbirlar va muddatlarni belgilaydi. Bu esa qarorlarning qog‘ozda qolib ketmasligini, balki hayotga tatbiq etilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Samarali mintaqaviy institutlarni mustahkamlash zarurati ta’kidlangani, qabul qilingan qarorlarning amaliy samaradorligini oshirishga qaratilgan jiddiy intilishdan dalolat beradi. Geosiyosiy beqarorlik sharoitida Markaziy Osiyo davlatlarining yagona tashqi siyosiy yondashuvlarini ishlab chiqishi mintaqaning xalqaro maydondagi pozitsiyasini mustahkamlaydi, umumiy manfaatlarni himoya qiladi va turli global kuch markazlari bilan pragmatik aloqalar o‘rnatishga yordam beradi. “Markaziy Osiyo plyus” formatlarini rivojlantirish ham shunga qaratilgan. Umuman olganda, ushbu hujjatlar Markaziy Osiyo davlatlarining chuqurroq integratsiya, samarali hamkorlik va mintaqaviy xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlashga bo‘lgan jiddiy intilishlarini aks ettiradi. Bu mintaqaning kelajakdagi taraqqiyoti va xalqaro maydondagi roli uchun muhim poydevor yaratadi.
Prezidentimiz o‘z nutqida mintaqani yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi. Eng avvalo, institutsional arxitekturani mustahkamlash maqsadida uchrashuvlar formatini “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik platformasiga aylantirish, Kotibiyatni ta’sis etish, Oqsoqollar kengashini tuzish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini ko‘tarish taklif etildi. Bu taklif Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammitlarini oddiy uchrashuvlar doirasidan chiqarib, unga doimiy va tizimli hamkorlik mexanizmi maqomini beradi. “Hamjamiyat” tushunchasi davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, umumiy manfaatlar va birdamlik darajasi yuqori ekanini bildiradi. Bu mintaqaviy hamkorlikka strategik yo‘nalish va uzoq muddatli maqsadlar beradi. Bundan tashqari, xalqaro maydonda mintaqaviy birlikning kuchli signali sifatida qabul qilinadi, bu esa Markaziy Osiyoning geosiyosiy va iqtisodiy mavqeini oshiradi. Har qanday samarali mintaqaviy tashkilot yoki platformaning muhim tarkibiy qismi, bu uning doimiy ishchi organidir. Kotibiyat qarorlarni amalga oshirishni nazorat qilish, rahbarlar qabul qilgan qarorlarning bajarilishini tizimli ravishda monitoring qilish funksiyasini bajaradi. Keyingi sammitlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni tashkiliy va mazmunan tayyorlaydi. Mintaqaviy dasturlar va loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi. A’zo davlatlar o‘rtasida axborot va tahliliy ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yadi. Kotibiyat mavjudligi hamkorlikning uzluksizligi va samaradorligini ta’minlaydi, shuningdek, mintaqaviy integratsiyani amaliy darajaga olib chiqadi. Oqsoqollar kengashini tuzish mintaqaviy hamkorlikka donolik, tajriba va murosaga erishish mexanizmini olib kiradi.
Oqsoqollar kengashi davlatlar o‘rtasida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarni bahamjihat hal qilish, keskinliklarni yumshatish uchun norasmiy, ammo obro‘li platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ular siyosiy qarorlar qabul qilishda maslahat berishi va kelajakdagi xavf-xatarlarni oldindan baholashi mumkin. Milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini ko‘tarish taklifi qarorlarni amalga oshirishning milliy darajadagi samaradorligini oshiradi. Muvofiqlashtiruvchilarning maqomini ko‘tarish ularga o‘z mamlakatlarida mintaqaviy qarorlar va loyihalarni amalga oshirish uchun ko‘proq vakolat va mas’uliyat beradi. Bu esa davlat organlari va idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilaydi. Maqomi yuqori bo‘lgan muvofiqlashtiruvchilar qarorlar qabul qilish va amalga oshirish jarayonini tezlashtiradi, byurokratik to‘siqlarni kamaytiradi.
Mintaqa davlatlari o‘zaro savdo hajmini 1,5-2 baravar oshirish imkoniyatiga ega. Shuning uchun Prezidentimiz 2035 yilgacha bo‘lgan Savdo-iqtisodiy hamkorlikning mintaqaviy dasturini qabul qilish, yagona investitsiya makoni to‘g‘risidagi Deklaratsiyani ishlab chiqish, elektron tijoratni birgalikda rivojlantirishni ilgari surish takliflarini bildirdi. 2035 yilgacha bo‘lgan Savdo-iqtisodiy hamkorlikning mintaqaviy dasturi Markaziy Osiyo davlatlarining savdo-iqtisodiy aloqalari uchun uzoq muddatli, aniq yo‘nalish va strategik ko‘rsatmalarni belgilaydi. Bu esa tadbirkorlar va investorlar uchun yanada bashorat qilinadigan va barqaror muhit yaratadi. 1,5-2 baravar o‘zaro savdo hajmini oshirish maqsadiga erishish uchun aniq mexanizmlar (masalan, bojxona to‘siqlarini kamaytirish, savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish, texnik standartlarni uyg‘unlashtirish) belgilanadi. Dastur mintaqa davlatlari iqtisodiyotlarining o‘zaro bog‘liqligini kuchaytiradi, bu esa umumiy iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi.
Yagona investitsiya makoni to‘g‘risidagi Deklaratsiyani ishlab chiqish mintaqani tashqi investorlar uchun yanada jozibador qiladi. Ular alohida kichik bozorlar o‘rniga katta, integratsiyalashgan bozorni ko‘radilar, bu esa sarmoya kiritish xatarlarini kamaytiradi. Bir davlatning investorlari uchun boshqa mintaqa davlatlariga sarmoya kiritish jarayoni soddalashadi, bu esa o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlikni oshiradi. Deklaratsiya investitsiyalar bo‘yicha qonunchilik, tartib-qoidalar va investorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha umumiy standartlarni ishlab chiqishni nazarda tutadi. Bu huquqiy aniqlikni oshiradi. Investorlar uchun chegaradan tashqarida biznes boshlash va yuritish jarayonlari soddalashadi. Elektron tijoratni birgalikda rivojlantirishni ilgari surish mintaqani zamonaviy raqamli iqtisodiyot tamoyillari asosida rivojlantirishga yordam beradi, bu esa iqtisodiy o‘sishning yangi manbalarini ochadi.
O‘zbekiston yetakchisining Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Kengashni tuzish taklifi mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy taraqqiyot uchun juda katta ahamiyatga ega. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘li, Transafg‘on yo‘lagi va Transkaspiy yo‘nalishi kabi yirik loyihalar bir nechta davlatning hududidan o‘tadi va har bir davlatning o‘z qonunchiligi, standartlari va manfaatlari mavjud. Kengash bu jarayonlarni birlashtiruvchi, muvofiqlashtiruvchi va standartlashtiruvchi yagona platforma bo‘lib xizmat qiladi. Temir yo‘l izlarining kengligi, bojxona tartibotlari, yuk tashish qoidalari va boshqa texnik-huquqiy jihatlarni uyg‘unlashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu loyihalar katta moliyaviy sarmoyalarni talab qiladi.
Kengash mintaqaviy va xalqaro moliya institutlari (Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqalar) hamda xususiy investorlardan mablag‘ jalb qilish uchun yagona va ishonchli mexanizm bo‘lib xizmat qiladi. Loyiha xarajatlarini ishtirokchi davlatlar o‘rtasida adolatli taqsimlash va bu boradagi kelishmovchiliklarni hal qilish uchun platforma yaratadi. Siyosiy beqarorlik, iqtisodiy o‘zgarishlar yoki texnik muammolar kabi potensial xatarlarni birgalikda baholash va ularni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga yordam beradi.
Prezident Afg‘onistonni mintaqaviy energetika va transport loyihalariga integratsiyasi muhimligini ta’kidladi hamda “Farg‘ona tinchlik forumi”ni muntazam o‘tkaziladigan xalqaro anjumanga aylantirishni taklif qildi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan ushbu takliflar mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotga kompleks yondashuvni namoyon etadi. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi hamda Tahdidlar va xavflar katalogini tasdiqlash taklifi mintaqa davlatlarining umumiy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashish uchun yagona platforma va strategiyani belgilaydi. Bu alohida-alohida harakat qilishdan ko‘ra samaraliroq. “Tahdidlar va xavflar katalogi” mintaqadagi barcha asosiy xavflarni tizimlashtiradi. Bu esa davlatlarga ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, resurslarni to‘g‘ri taqsimlash va bu xavflarga qarshi aniq choralar ishlab chiqish imkonini beradi. Ushbu hujjatlarning qabul qilinishi mintaqa davlatlari o‘rtasida xavfsizlik sohasida o‘zaro ishonch va ochiqlikni oshiradi, chunki ular umumiy muammolarni birgalikda hal etishga sodiq ekanliklarini namoyish etadilar. Konsepsiya va katalog faqat mavjud xavflarga qarshi kurashish emas, balki ularning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Afg‘onistonni mintaqaviy energetika va transport loyihalariga integratsiya qilish ham muhim. Afg‘oniston barqarorligi – mintaqa barqarorligi. U yerdagi vaziyat mintaqa xavfsizligiga bevosita ta’sir qiladi. Afg‘onistonni mintaqaviy loyihalarga jalb qilish orqali uning iqtisodiyotini rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish va shu orqali ekstremistik kayfiyatlarni kamaytirishga yordam beriladi.
Iqtisodiy rivojlanish – tinchlikning asosiy garovi. Afg‘oniston Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo (Pokiston, Hindiston) bozorlari bilan bog‘laydigan eng qisqa yo‘lak bo‘lishi mumkin. "Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshavar" temir yo‘li kabi loyihalar mintaqaning tranzit salohiyatini keskin oshiradi, yangi eksport yo‘nalishlarini ochadi. Afg‘oniston orqali o‘tadigan energetika loyihalari (masalan, CASA-1000) Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga elektr energiyasi yetkazib berishni ta’minlaydi, bu esa ishtirokchi davlatlar uchun iqtisodiy foyda keltiradi va energetika xavfsizligini mustahkamlaydi. Bu taklif Afg‘oniston bilan konstruktiv muloqotni davom ettirish, unga xalqaro yordamni yo‘naltirish va uning izolyatsiyasini oldini olish uchun muhim platforma yaratadi “Farg‘ona tinchlik forumi”ni muntazam o‘tkaziladigan xalqaro anjumanga aylantirish taklifi ham jozibador. Farg‘ona vodiysi O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralari tutashgan, zich aholi istiqomat qiladigan, o‘zaro iqtisodiy va madaniy aloqalar chuqur bo‘lgan hududdir. Ushbu forum chegaraoldi hududlarida tinchlik, hamkorlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash uchun bevosita platforma bo‘ladi.
O‘zbekiston 2026-2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilishni, shuningdek Suv xo‘jaligi sohasida kompetensiyalar mintaqaviy markazini tashkil etishni taklif qildi. Taklifning ahamiyati shundaki, suv muammosi bir yoki ikki yilda hal bo‘ladigan masala emas. O‘n yillik davr bu muammoga kompleks, bosqichma-bosqich va uzoq muddatli yechim topish uchun zarur bo‘lgan siyosiy iroda, moliyaviy resurslar va inson salohiyatini safarbar etish imkonini beradi. O‘n yillikni e’lon qilish mintaqa davlatlari va xalqaro hamjamiyatning e’tiborini suv muammosiga jalb qiladi, uni mintaqaviy va global darajadagi eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylantiradi. Bu esa loyihalarni moliyalashtirish va texnik yordamni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratadi.
Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishiga eng sezgir mintaqalardan biri bo‘lib, bu suv resurslarining yanada kamayishiga olib kelmoqda. O‘n yillik bu o‘zgarishlarga moslashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga imkon beradi. Suv xo‘jaligi sohasida kompetensiyalar mintaqaviy markazini tashkil etish suv resurslarini boshqarish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, mintaqaning o‘ziga xos sharoitlariga mos keladigan innovatsion texnologiyalar va yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish uchun platforma bo‘ladi. Markaz suv xo‘jaligi mutaxassislari, injenerlari, gidrolog va melioratorlarining malakasini oshirish, ularni zamonaviy bilimlar va texnologiyalar bilan qurollantirish uchun treninglar, seminarlar va o‘quv kurslarini tashkil etadi. Bu esa sohada yuqori malakali kadrlar yetishmovchiligi muammosini hal qilishga yordam beradi. Markaz suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha dunyoning ilg‘or davlatlari tajribasini o‘rganish, uni mintaqa sharoitiga moslashtirish va joriy etishda ko‘prik vazifasini bajaradi.
Prezidentimiz har yili ma’naviy meros va ma’rifatparvarlik g‘oyalariga bag‘ishlangan Xalqaro kongressni o‘tkazishni, Mintaqaviy ilmiy tadqiqotlar jamg‘armasini tuzish hamda mintaqamiz olim va mutafakkirlarining global rivojlanishga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan BMTning maxsus rezolyutsiyasini ilgari surishni taklif qildi. Kongress dunyoning turli burchaklaridan olimlar, mutafakkirlar, madaniyat arboblari va siyosatchilarni birlashtiradi. Bu esa har bir mintaqaning o‘ziga xos boy ma’naviy merosini o‘zaro tanishtirish, uning ahamiyatini tushunish va uni kelajak avlodlarga yetkazish uchun muhim platforma yaratadi. Kongress zamonaviy dunyoda ma’rifatparvarlikning o‘rni, uning insoniyat taraqqiyotiga ta’siri va bugungi kunning dolzarb masalalariga uning daxldorligini muhokama qilish imkonini beradi. Bu esa yangi g‘oyalar, yechimlar va yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Kongress doirasida taqdimotlar, munozaralar, seminarlar o‘tkazilib, bu esa bilim va tajriba almashuvini kengaytiradi.
Mintaqamiz olim va mutafakkirlarining global rivojlanishga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan BMTning maxsus rezolyutsiyasini ilgari surish mintaqamiz olim va mutafakkirlarining insoniyat tarixi va taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda tan olinishiga xizmat qiladi. Bu esa milliy g‘urur va o‘z madaniyatiga bo‘lgan hurmatni oshiradi. Mintaqamizning o‘ziga xos tarixi, falsafasi, fan va san’at sohalaridagi yutuqlarini dunyoga tanitish orqali global bilimlar fondini yanada boyitish mumkin. BMT kabi nufuzli tashkilotning rezolyutsiyasi bu sohalardagi tadqiqotlarni rag‘batlantiradi, xalqaro hamkorlikni kengaytiradi va bu mavzular atrofida yanada ko‘proq e’tibor qaratilishiga turtki beradi.
Toshpo‘lat Matibayev,
Sotsiologiya fanlari doktori, professor,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati.