Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maslahat kengashlari faoliyatini takomillashtirish muhokama qilindi
19:13 / 2025-09-11

O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotga faol jalb etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi va sa’y-harakatlari natijasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari, davlat dasturlari va amaliy chora-tadbirlar orqali xotin-qizlar jamiyatning faol a’zosiga aylanmoqda. Bu yo‘nalishda “O‘zbekiston modeli” shakllantirilib, hayotga tatbiq etilmoqda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, shuningdek, 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi va xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirishga qaratilgan Milliy dastur xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolligini kuchaytirish, ta’lim olish va ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda davlat organlari va tashkilotlari hamkorligida maslahat kengashlarini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Natijada vazirlik va idoralar, tashkilot, korxona hamda muassasalarda 4 mingdan ortiq maslahat kengashlari faoliyat olib bormoqda.

Mehnat jamoalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida tegishli choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, maslahat kengashlari tarkibida oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini mehnat jamoalarida samarali amalga oshirishga ko‘maklashadigan jamoatchi xodimlar faoliyat yuritmoqda.

Ular ayol xodimlarni ixtiyoriy ravishda o‘z atrofida birlashtiradi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladi hamda mehnat jamoalarida xotin-qizlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalarida beminnat yordam ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda maslahat kengashlari faoliyatini takomillashtirish, turli soha va yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar hamda islohotlar haqida keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyatga axborot yetkazish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, BMTning “Ayollar – BMT” tuzilmasi mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan “O‘zbekistonning gender tenglik bo‘yicha mamlakat profili” loyihasining dastlabki muhokamasi o‘tkazildi. 

Unda keltirilgan ma’lumotlar yuzasidan tegishli takliflarni ishlab chiqib, qisqa muddatlarda Qo‘mitaga taqdim etish zarurligi ta’kidlandi.

N.Usmonova, O‘zA