Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning ma’lum qilishicha, Rossiya Ukrainadagi Starlink yo‘ldosh internet tizimini “o‘ldirishga” harakat qilmoqda. Uning himoyasi uchun ancha resusrlar sarflanganiga qaramay, bir kun kelib u ishlamay qolishi mumkin.
“Hozirda Starlink – urush jabhasida ishlayotgan yagona aloqa tizimi bo‘lib turibdi, qolganlari o‘lgan. Rossiya Starlinkni o‘ldirishga faol ravishda urinmoqda. Uni himoya qilish uchun SpaceX kompaniyasi katta resurslarni jalb qilgan, lekin shunga qaramay, Starlink ishlashdan to‘xtashi mumkin", - deb yozdi Mask ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Mask juma kuni SpaceX kompaniyasi Ukrainada Starlink xizmati xarajatlariga endi mablag‘ sarflay olmasligini ma’lum qilgandi. Avvalroq Amerika ommaviy axborot vositalari SpaceX kompaniyasining Pentagondan xarajatlarni o‘z zimmasiga olishini so‘ragani haqida yozgandi. bugungi kunda Ukrainaga 20 ming atrofida Starlink terminali berilgan. Juma kuni Mask ijtimoiy tarmoqda ushbu amaliyot SpaceX uchun 80 million dollarga tushganini, yil oxirigacha xarajatlar 100 million dollardan oshib ketishini yozgan edi.
Pentagonning ma’lum qilishicha, vazirlik Mask kompaniyasi bilan Starlink yo‘ldosh interneti bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Pentagon Ukrainada mahalliy harbiylar kosmik aloqa vositalariga ega bo‘lishda davom etishi muhimligini ta’kidlagan.
Starlink – yangi avlod yo‘ldosh aloqa tarmog‘i hisoblanadi. U dunyoni keng polosali internet aloqasi bilan ta’minlashga mo‘ljallangan. Maskning SpaceX kompaniyasi hozirgacha orbitaga 2,3 mingdan ko‘proq Starlink yo‘ldoshini olib chiqqan.
Ukraina raqamli transformatsiyalar vaziri Mixail Fedorov 26 fevral kuni Maskdan Ukrainani Starlink stansiyalari bilan ta’minlashni va yo‘ldosh internetga ulashini iltimos qilgan edi. Ertasi kun Mask Starlink endi Ukraina hududida ham ishlayotganini ma’lum qilgandi.