Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mash’um urush xotiralari
14:19 / 2021-06-22

Insoniyat tarixida mudhish xotiralar qoldirgan Ikkinchi jahon urushida fashistlar Germaniyasi sobiq ittifoqqa hujum boshlaganiga bugun 80 yil bo‘ldi. Bu urushda boshqa millatlar qatori o‘zbeklar ham qatnashdi va G‘alabaga munosib ulush qo‘shdi.

O‘zA muxbiri bu mash’um kun munosabati bilan ayrim yurtdoshlarimizning xotiralarini yozib oldi.  

–Urush boshlanganida odamlar har bir yangilikdan tezroq xabardor bo‘lish maqsadida radio tinglardi, – deydi karmanalik Pirnazar bobo Turdiyev. –1941 yil 22 iyunidagi shum xabar boshqa xonadonlar singari bizning xonadonga ham qayg‘u olib keldi. Men endigina 18 yoshga to‘lgan, bo‘z yigit edim. Mudhish xabarni eshitgan ota-onam meni uylantirib qo‘yish harakatiga tushib qolishdi.Sababi, shu orqali urushdan olib qolmoqchi bo‘lishdi. Ammo men uylanishga ko‘nmadim. Xabar berilgan kundan ikki-uch oy o‘tib, janggoh tomon otlandik. Negadir tirik qaytishga ishonar edim. Belimdagi quvvatimga, bilagimdagi kuchimga ishonib, qo‘limga qurol tutdim. Janggohlarda och, suvsiz qolib ketib, dushmanga qarshi kurashgan holatlarimiz ko‘p bo‘lgan...  

1945 yil 9 may sanasida G‘alaba e’lon qilingan kunni ham yaxshi eslayman. O‘shanda men jangda yaralanib, qonga belanib yotgan edim. Xushxabarni eshitib, ho‘ngrab yig‘lab yuborganman. Baqirishga, o‘rnimdan turib sakrashga holim yo‘q edi. Ammo ich-ichimdan bu ko‘rguliklar tugaganidan shod edim. Biroq urush tugasa-da, biz urush bo‘lgan yerlarni tozalash ishlariga safarbar etilganmiz. Albatta,bu qurol ko‘tarib, dushmandan yashirinib, jang qilgandan ko‘ra yaxshi edi. 1946 yil kech kuzda uyga qaytganmiz. Mana bugun oila a’zolarimiz bilan tinchlik, farovonlikda umrguzaronlik qilyapmiz. Hayotimiz yildan-yilga yaxshilanib boryapti. Shu yaxshiliklar hamisha xalqimizga yor bo‘lsin.  

–Urush boshlanganda men 15 yoshda edim, –deydi zominlik Botir bobo Xudoyberdiyev.–Dars o‘tayotgan o‘qituvchim radiodan kelgan axborotni eshitib, ho‘ngrab yig‘lab yuborgandi o‘shanda. Nima bo‘lganini tushunmasak-da, o‘qituvchimizga qo‘shilib, biz ham yig‘lagandik. Oradan ko‘p o‘tmasdan maktablar yopildi. Yuqori sinf o‘quvchilari urushga ketgan ishchilar o‘rnini to‘ldirish maqsadida ishga jalb qilindi. Biz shu zaylda 4 yil tinimsiz dalada ishladik. Maktabdagi darslarni o‘lda-jo‘lda o‘zlashtirardik. Ochlik davrlarini boshimizdan kechirdik. 1943-44 yillarda dalada ishlab yurgan vaqtlarimiz har ikki kunning birida kimningdir oilasiga qora xat kelardi. Buni biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz. Hech qaysi kinoda bu holat aks etmagan. Onalar bolasining qora xatini quchib hushidan ketardi, ayollar sochlarini yulib yig‘lardi. Akam, ikki amakim urushda bedarak ketdi... Har tongda mening ulg‘ayib borayotganimni ko‘rgan onam bo‘ying yetguncha urush tugasin-da, deya duo qilardi.  

Urush tugadi, ammo og‘riqlari ancha vaqtgacha bizga bilinib turdi. Shu kunlarni o‘tkazib, tinchlik-osoyishtalik zamonlarga yetib kelganimiz, u davrlar ortda qolib, xalqimiz farovon hayot kechirayotganidan dilimda shukronalik tuyg‘usi ufurib turibdi. Iloyo, xalqimiz yomonlik ko‘rmasin, tinchligimizga ko‘z tegmasin, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!  

 

Dilobar Mamatova, O‘zA