O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi doirasida milliy mumtoz adabiyotimizning mashhur namoyandalaridan biri Boborahim Mashrabning ijodiy faoliyatini keng yoritish maqsadida maxsus medialoyiha ishlab chiqiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur loyiha Mashrab asarlarining badiiy-irfoniy mazmuni, tasavvufiy fikr tarzi, islomiy ma’rifat va insonparvarlik g‘oyalarini zamonaviy vizual va interaktiv vositalar orqali keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan.
Loyiha doirasida “Qissai Mashrab”, “Qissai Shoh Mashrab”, “Devonai Mashrab” nomlari bilan xalqimiz orasida keng tarqalgan qo‘lyozmalar va turli bayozlardan saralab olingan she’rlari, birlamchi qo‘lyozmalardagi uning hayotga oid tarixiy ma’lumotlar, zamonaviy animatsiya, infografika, audioshe’rlar, ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlangan videokontentlar tayyorlanishi rejalashtirilmoqda.
Olimlarning fikricha, Boborahim Mashrab ijodidagi islomiy ma’naviyat, irfon, yuksak axloqiy g‘oyalar milliy o‘zlikni anglash hamda jamiyat ma’rifiy hayotining rivojiga xizmat qilishda o‘ziga xos nufuz va keng ta’sir doirasiga ega.
Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu medialoyiha milliy qadriyatlar, ajdodlar va avlodlar o‘rtasidagi tarixiy birlikni asrash, boy ma’naviy merosimizni yangicha usullarda keng targ‘ib qilish borasida yana bir muhim qadam bo‘lishi aniq.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri