Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mashina “probegi” o‘zgartirilgani xaridorga aytilmasa, javobgarlik belgilanadi
15:08 / 2025-11-24

Transport vositalarining oldi-sotdi bozori yildan-yilga o‘sib, rivojlanib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda birlamchi bozorda 312 mingta yengil avtotransport sotilgan bo‘lsa, ikkilamchi bozorda bu 1,1 milliondan oshgan.

Ammo avtotransport bozoridagi firibgarliklar, ko‘zbo‘yamachilik va aldovlar ko‘pgina fuqarolarning chuv tushishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, mashinalarni qimmat sotish maqsadida odometr ko‘rsatkichi — “probeg”ini soxtalashtirish holatlari ko‘p kuzatilayotgani narxning sun’iy oshishi va iste’molchi huquqlarining poymol etilishiga olib kelmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ayni masalaga daxldor. 

Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki odometr uskunasi almashtirilgani haqida avtotransport vositasini realizatsiya qilishdan oldin xaridorni xabardor etmaslik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda. Jumladan, buning uchun javobgar bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi taklif etilyapti.

Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan normalarning bugungi kundagi ahamiyatini e’tirof etib, o‘z fikr-mulohazalarini va bir qator takliflarini berdi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA