English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mashhurlik va shaxsiylik o‘rtasidagi nozik chegara yo‘qolyaptimi?!
18:19 / 2025-11-12

Bugungi axborot asrida insonlar o‘z hayotini ijtimoiy tarmoqlarda namoyon etish va boshqalarning hayotini kuzatishi odat tusiga aylangan. Ayniqsa, san’at va media vakillarining har bir qadami, kiyinish uslubi, turmush tarzi, oilaviy hayoti ko‘pchilikning diqqat-markazida.

Bu holat bir qarashda tabiiydek tuyuladi. Negaki, odamlar sevimli ijodkorining hayotidan ilhom olishni, unga o‘xshashni istashadi. Ammo bu jarayon tobora chuqurlashib, insonning o‘z hayotiga, maqsadlari va ichki dunyosiga e’tiborini kamaytirayotganini sezmay qolamiz.

Avvallari mashhurlik deganda iste’dod, mehnat, g‘oya va bunyodkorlik tushunilardi. Bugun esa bu tushuncha ma’lum qadar o‘zgarib mashhurlik endi ko‘pincha shaxsning ichki dunyosi va iste’dodi emas, balki u tarmoqlarda qanday aks etishiga bog‘liq bo‘lib qolgandek. Shu sababli, ko‘plab mashhur insonlar o‘zlarining shaxsiy hayotini ommaga taqdim etish orqali e’tibor markazida qolishadi. Bu esa tomoshabin, ya’ni oddiy insonlarda tabiiy ravishda “begona hayotga kirish” hissini kuchaytiradi.

Lekin, bu jarayonning xavfli tomoni odamlarning o‘z hayoti bilan bir qatorda boshqalar hayoti bilan yashash odati shakllanmoqda. Biror san’atkorning oilaviy muammosi, ajralishi yoki shaxsiy fojiasi ijtimoiy tarmoqlarda bir zumda trendga chiqadi. Bu hodisa esa ikki tomon - mashhur shaxsni ham, kuzatuvchini ham ruhiy jihatdan ta’sir ostida qoldiradi.

Odamzod psixologiyasi qadimdan voqea, g‘iybat va mojarolarga qiziqqon. Ammo ijtimoiy tarmoqlar bu tabiiy qiziqishni yangi bosqichga olib chiqdi. Endi bu global va tizimli tus oldi. Har bir “layk”, har bir izoh va “story” inson miyasi uchun kichik dofamin, ya’ni rohatlanish gormonini bermoqda. Shu tariqa, biz boshqalarning hayotidagi voqealar orqali o‘zimizni vaqtincha baxtliroq his qilamiz. Ammo bu lazzat o‘tkinchi, u na ichki bo‘shliqni to‘ldiradi, na maqsad beradi.

Aslida, o‘sha dofaminni foydali yo‘nalishga, misol uchun ijodga, o‘qishga, shaxsiy rivojlanishga sarflasak, natija ancha barqaror va mazmunli bo‘lardi. Biroq, inson ongi oson yo‘lni tanlaydi, o‘ylashni, mehnat qilishni talab qilmaydigan, ammo tez zavq beradigan narsalarga beriladi.

Ba’zi hollarda, jamiyatimizda insonlarning asosiy muammolarga e’tibori kamayib, ikkinchi darajali mavzularni markazga qo‘ymoqda. Boshqalarning hayoti, ajralishlari, shaxsiy munosabatlari millionlab muhokamalarni keltirib chiqaradi. Ammo o‘sha paytda ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy muammolar soya ostida qoladi.

Bu “yopiq ko‘zlar” davridek go‘yo. Inson o‘z hayotini o‘zgartirishga emas, balki boshqalar hayotini tahlil qilishga vaqt sarflaydi. Shunday paytda savol tug‘iladi: biz haqiqatan ham yashayapmizmi yoki boshqalarning hayotini kuzatib kun o‘tkazyapmiz-mi?

Inson o‘z hayoti va maqsadlarini birinchi o‘ringa qo‘ymasa, u o‘zligini yo‘qota boshlaydi. Boshqalarning “dramalari”ni ko‘rib yashash kishini ruhiy jihatdan charchatadi, hayotga nisbatan norozilik hissini kuchaytiradi. Chunki doimiy taqqoslash va kuzatish insonni o‘z imkoniyatlaridan norozi qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlar zamonaviy hayotning ajralmas qismi, lekin u hayotning aynan o‘zi emas. Biz uni to‘g‘ri foydalanish, chegaralarni bilish, ruhiy mustaqillikni saqlash orqali foydali vositaga aylantira olamiz. Har bir insonning o‘ziga xos hayot yo‘li, maqsadi va hayot falsafasi bor. Begona hayotga haddan ziyod berilish esa o‘zligimizni yo‘qotishga olib keladi.  

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA