English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mashhur matematik olim Toshmuhammad Sarimsoqov tavalludiga 110 yil to‘ldi
06:59 / 2025-09-10

Vatanimiz tarixidagi 10 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1910 yil (bundan 115 yil oldin) – Xiva xoni Asfandiyorxon tarixiy ahamiyat kasb etgan yorliq qabul qildi. Tarixchi Ne’mat Polvonovning yozishicha, bu hujjat 12 kunlik mehnat majburiyati (begar) va shu vaqtda mehnatkashning kuniga 2,5 tanga to‘lovini bekor qilib, davlat tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlarda ishlovchilarga xazinadan 2 tanga pul to‘lash, amaldorlar o‘z xizmatlari uchun xalqdan soliq olmaslik va o‘zlarining xizmat vazifasi doirasidagi aholi arizasini hal qilganda adolat bilan yondashib, buning uchun arizadordan hech nima ta’ma qilmaslik, yer solig‘ini tubdan o‘zgartirish uchun yerning hisobini aniqlash va har kim egalik qilayotgan yer miqdoriga qarab soliq to‘lashi, bozorlarda yig‘iladigan boj va zakot solig‘ini tartibga solish, yo‘llarni yaxshilash, temir ko‘priklar qurish, pochta-telegraf, kasalxonalar qurib, ishga tushirish kabi masalarni o‘z ichiga olgan edi. Bu islohotni amalga oshirishni vaziri akbar Islomxo‘jaga topshirish ko‘zda tutilgan edi.

1915 yil (bundan 110 yil oldin) – matematik olim va jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Toshmuhammad Sarimsoqov tavallud topdi (vafoti 1995 yil). U 1946 – 1952 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, 1959–1971 yillarda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri sifatida faoliyat yuritgan. Toshmuhammad Sarimsoqov topologiya va funksional analiz bo‘yicha Toshkent ilmiy maktabi asoschisi. Yarim maydonlar nazariyasi va uning ehtimollar nazariyasiga tatbiqini ishlab chiqqan. U 2002 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.

1917 yil (bundan 108 yil oldin) – Toshkent shahar dumasi majlisida rus-tuzem maktablari o‘rnida 6 sinflik milliy maktablar tashkil etish masalasi muhokama etildi. Bu majlisda Munavvarqori ma’ruza qildi. Bu voqealar xaqida xotiralar yozgan Nikolay Ostroumov Munavvarqorining amaliy pedagogik faoliyatiga katta baho beradi. Uni mahalliy aholi Toshkentning Eski shahar qismidagi maktablarning yagona direktori deb hisoblashlari, Munavvarqori 6 sinflik yangi milliy maktablar uchun o‘quv dasturi taqdim etganligini, uning xalqni ma’rifatli qilish uchun olib borayotgan faoliyati samarali bo‘layotganligini qayd etadi. Chunki Duma majlisidagi muhokamadan so‘ng 1917/1918 o‘quv yilida ochilajak milliy maktab uchun kredit olishga ham ruxsat beriladi. Bu harakatlari bilan Munavvarqori milliy maktabga asos soldi.

1918 yil (bundan 107 yil oldin) – shahar dizel stansiyasida yoqilg‘i yetishmasligi va ko‘plab vagonlarning nosozligi, o‘lkada sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, Belgiyadan kelgan mutaxassislarning o‘z vatanlariga ketib qolishi tufayli Toshkentda tramvay qatnovi to‘xtadi. Tarixchi Gulzora Saidboboyevaning qayd etishicha, ko‘p o‘tmay, o‘sha yilning 10 dekabrida Toshkent tramvayi Turkiston hukumati tomonidan milliylashtirilib, 1920 yilga kelgandagina shaharda nomuntazam tramvay harakati qayta tiklandi. 

1924 yil (bundan 101 yil oldin) – tarixchi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Sobir Kamolov tavallud topdi (vafoti 2009 yil). Uning ilmiy faoliyati qoraqalpoq xalqining etnik tarixi, shakllanishi va madaniyati, shuningdek, O‘rta Osiyo xalqlari, jumladan, qoraqalpoklarning Rossiya bilan o‘zaro munosabatlari tarixiga oid. U 300 dan ziyod ilmiy asarlar muallifi. Sobir Kamolov “Jasorat” va “Shuhrat” medallari bilan taqdirlangan.

1959 yil (bundan 66 yil oldin) – O‘zbekistonda birinchi marta Toshkent atom reaktori ishga tushirildi.

1961 yil (bundan 64 yil oldin) – Qoraqalpog‘istondagi Taxiatosh issiqpik elektr stansiyasi ishga tushirildi.

1965  yil (bundan 60 yil oldin) – Muborak shahri yaqinida Muborak oltingugurt zavodi (hozirgi Muborak gazni qayta ishlash zavodi)ni qurish boshlandi.

1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Laos Xalq Demokratik Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.

1998 yil (bundan 27 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston–Germaniya do‘stlik jamiyati tuzildi. Uning ta’sis majlisida jamiyatning rahbar organlari saylandi hamda nizomi tasdiqlandi.

2004 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasining faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2008 yil (bundan 17 yil oldin) – O‘zbekiston Respblikasining “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. 

2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Suv xo‘jaligi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarning joriy etilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA