Futbol bo‘yicha Fransiya terma jamoasi sardori Kilian Mbappe politsiya xodimlariga 180 ming yevrodan ko‘p pora berganlikda gumonlanmoqda, deb xabar tarqatdi “Figaro” gazetasi.
“Canard Enchaîné” nashri tomonidan bir kun oldin e’lon qilingan Mbappega qarshi ayblov “ma’muriy tergov mavzusi"ga aylangan. Gap 2023 yil jamoani himoya qilish uchun mas’ul mamlakat politsiyasi maxsus guruhi (CRS)ning besh xodimiga berilgan subsidiya haqida bormoqda.
Milliy politsiya bosh inspeksiyasi (IGPN) Mbappe tomonidan huquq-tartibot idoralari vakillariga berilgan besh dona chekni tekshirmoqda: to‘rt politsiyachiga 30 000 dan, ularning boshlig‘iga 60 000 - jami 180 000 yevro. Tergovda qayd etilganidek, xodim Kamerunga shaxsiy safari chog‘ida Kilian bilan birga bo‘lgan.
Mbappe o‘z bayonotida Qatardagi jahon chempionatida ishtirok etgani uchun ajratilgan mukofot pulini fransuz futbolchilari xavfsizligini ta’minlagan uyushmalar va jamoa a’zolariga berganini yozgan.
Futbolchining atrofidagilar ta’kidlaganidek, “terma jamoadagi debyutidan beri Kilian har doim o‘zi olgan barcha mukofot pullarini xayriya qilib kelgan”. Masalan, mablag‘ning bir qismi “Premiers de Cordée” kabi uyushmalarga, qolgani jamoaga hamrohlik qiluvchi xavfsizlik xodimlariga ulashilgan.
- Jahon chempionatidan keyin barcha xodimlar mukofot olishdi, - deydi hujumchining yaqinlari. - Bu xayriya adolat ruhida, mehnatni e’tirof etgan holda, hech qanday tovon to‘lamasdan amalga oshirildi.
S.Rahimov, O‘zA