Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab sifatli ta’limni yo‘lga qo‘yish maqsadida uzluksiz chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish va ularga qator imtiyozlar berish orqali turmush tarzini yanada yaxshilash muhim ahamiyatga ega. Shundagina pedagoglar xotirjam ilm bilan mashg‘ul bo‘lishi mumkinligi e’tiborga olingan. Biroq, har sohada bo‘lgani kabi pedagoglar orasida ham ustozlik maqomini yetarlicha anglamaganlari uchrashi achinarli. Negaki, kelajak avlod ta’limi va ma’naviyatiga mas’ul bo‘lgan kasb egalarining xatosi anchagina qimmatga tushadi.
Kasblar orasida shifokorlik va o‘qituvchilik ko‘p taqqoslanadi. Negaki, boshqa soha vakillariga nisbatan ularning kam xato qilishi talab etiladi. Shunday bo‘lsa-da, o‘qituvchining xatosi shifokornikidan ham achinarli sanaladi. Zotan, shifokor xatosini yerga ko‘madi, o‘qituvchiniki esa yer yuzida yuradi, deb bejiz ta’kidlanmaydi.
—Farzand tarbiyasida ota-onadan keyingi eng mas’ul kishi bu o‘qituvchidir. Yosh avlodning ongida hayotga, kelajakka nisbatan to‘g‘ri tasavvur va qat’iy ishonch shakllantirish biz ustozlarning vazifamiz, — deydi Samarqand shahridagi “Nurli maskan” maktab internati o‘qituvchisi Orzigul Mirzayeva. — Bir narsani alohida ta’kidlashni joiz deb bildim, shu o‘rinda. Bugungi kunda yurtimizda inklyuziv ta’lim masalasi aktual. Ammo buning asl mohiyatini hamma pedagog ham tushunib yetganicha yo‘q. Bunda teng ta’lim berishdan ko‘ra o‘quvchi-talabalarning layoqatidan kelib chiqib ta’lim jarayonlarini tashkil etish talab qilinadi. Ayrim oliygohlarda ko‘rishda nuqsoni bor talabalarga keragidan ortiq yuklamalar berilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Natijada zaif ko‘ruvchilar yassi yozuvdagi adabiyotlardan me’yordan ziyod foydalanib, ko‘rish qobiliyati keskin pasaymoqda. Yoki bo‘lmasa, butunlay ko‘rmaydiganlar berilgan vazifalarni yetarlicha o‘zlashtirolmay qolmoqda. Albatta, bunday talabalarga hamma qatorida teng munosabatda bo‘lish yaxshi, ammo yuqorida ta’kidlaganimdek, layoqatiga qarab, yuklamalar berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, nazdimda.
Ko‘rinib turibdiki, o‘qituvchilik bejizga eng mashaqqatli va eng sharafli kasb deyilmaydi. Gap shundaki, bunga munosib bo‘lmoqqa har bir pedagog harakat qilmog‘i shart. Negaki, ular inson taqdiriga ta’sir ko‘rsatuvchi soha vakillari sanaladi.
Sherbek Islomov, O‘zA