English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mashaqqatli mehnat e’tirofi
14:58 / 2024-08-29

Oramizda shunday insonlar borki, ular bor bilimi va tajribasini shu yurt, xalq farovonligi uchun safarbar etadi. Albatta, inson hayotda mehnati, olib borayotgan xayrli va ezgu ishlari bilan qadr topadi. Davlatimiz tomonidan esa bu kabi nisonlar mehnati alohida e’tirof etilib, davlat mukofotlari bilan taqdirlanmoqda.

Ana shunday mashaqatli mehnati ortidan qadr topayotgan insonlardan biri Navoiydagi Markaziy kon boshqarmasiga qarashli Avtomobil transporti boshqarmasi “Muruntog‘” transport sexi 2-sonli transport uchastkasi haydovchisi Zokir Norovdir. U mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida Prezident farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.  

Z.Norov 31 yildirki, “Muruntog‘” transport sexi 2-sonli transport uchastkasi og‘ir yuk ko‘taruvchi karer avtosamosvali haydovchisi bo‘lib faoliyat olib bormoqda.  

Bugungi kunda “Muruntog‘” konining chuqurligi 600 metrdan, ma’danni tashish masofasi esa yildan-yilga oshib, murakkablashib bormoqda. Ammo shunga qaramasdan Avtomobil transporti boshqarmasida tomonidan 2-gidrometallurgiya zavodiga ma’danni uzluksiz yetkazib berish tizimi yil sayin takomillashmoqda. Boshqarma yirik avtotransport korxonalaridan biri bo‘lib, kon ma’danlarini tashishdan tashqari “Muruntog‘” koni yo‘llarini ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish, kon transport texnikalarini ta’mirlash ishlarini ham amalga oshiradi.

– Inson o‘z hayotida kasbni to‘g‘ri tanlay olsagina zavq bilan ishlaydi, ko‘ngli to‘q bo‘lib yashaydi, – deydi qahramonimiz. – Men mehnat qilayotgan Avtomobil transporti boshqarmasi “Muruntog‘” transport sexi 2-sonli transport uchastkasi tomonidan “Muruntog‘” konidan kon ma’danlarini tashib chiqaradi va zavodga yetkazib beradi. Kasbga bo‘lgan mehr va sadoqat esa insonni katta marralar sari boshlaydi.

Zokir aka mashaqqatlarni sabr bilan, mushohada bilan yengishga o‘rgangan. Ustozlari o‘gitlari va ko‘rsatmalariga doimo amal qilib keladi. U berilgan har qanday topshiriqqa doimo mas’uliyat bilan yondashadi. O‘zining bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida kasbiy mahoratini oshirib boradi. Qizilqum cho‘lining murakkab iqlim sharoitlariga qaramay “Muruntog‘” konidan kon ma’danlarini tashish rejasini muntazam ravishda bajarib kelmoqda.  

Qahramonimiz mehnat faoliyati davomida mashaqqatli kasb sirlarini ko‘plab yosh haydovchilar va ishchi-xodimlarga o‘rgatib, 30 dan ortiq shogirdlar tayyorlagan. Mehnat jamoasi orasida katta obro‘-e’tibor qozongan.

Turmush o‘rtog‘i Nuriyaxon opa bilan 3 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Ularning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratib, oliy ma’lumotli qildi. Ayni paytda farzandlarining barchasi yurt rivoji va xalq farovonligi yo‘lida turli sohalarda mehnat qilishmoqda. Qizlari Lobar va Dilbar o‘qituvchi kasbini tanlab, shu sohada o‘z faoliyatini olib borishayotgan bo‘lsa, o‘g‘li Shahzod esa Zarafshon shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limida inspektor bo‘lib ishlamoqda.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),

O‘zA muxbirlari