Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Masdar” kompaniyasi O‘zbekistonda ilk quyosh elektr stansiyasini qurish uchun kredit bitimini imzoladi
11:42 / 2020-12-24

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida videokonferensiya shaklida Navoiy viloyatida quyosh elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida qiymati 100 million dollardan ortiq kredit bitimini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 Kelishuvga ko‘ra BBA kompaniyasi Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan qarz olib, mazkur loyihani amalga oshiradi.

Amirliklar kompaniyasi quyosh elektr stansiyasini qurish va qurilmadan foydalanish uchun xorijiy investorni tanlash bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi marta o‘tkazilgan kim oshdi savdosida g‘olib chiqqan edi. “Masdar” kompaniyasi bir kVt/s uchun 2.67 AQSH senti miqdorida dunyoda eng past tariflardan birini taklif qildi. 2019 yil noyabrda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan imzolangan investitsiyaviy bitimga ko‘ra, “Masdar” kompaniyasi o‘z zimmasiga quyosh elektr stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish hamda 25 yil davomida qurilmadan foydalanish majburiyatini olgan.

Stansiya 2021 yil avgustda ishga tushiriladi.

Loyiha O‘zbekiston Hukumati tomonidan tasdiqlangan mamlakat energiya balansini diversifikatsiya qilish, jumladan, 2030 yilga borib Respublikada quyosh energetikasi inshootlari umumiy quvvatini 5 GVtga yetkazishga yo‘naltirilgan dasturning bir qismidir.

“Masdar” kompaniyasi loyihaga 100 million dollardan ortiq miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadi va qurilish bosqichida 150ta ish o‘rni yaratadi. Quyosh elektr stansiyasi faoliyati esa yiliga 260 million kVt/s miqdorida elektr energiyasi ishlab chiqarilishini ta’minlaydi.

Qayta tiklanadigan energiya manbalari joriy etilishi elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan tabiiy gaz hajmi (yiliga 175 million kub/metrgacha)ni, shuningdek, atmosferaga chiqadigan zararli karbonat angidrid gazi miqdorini sezilarli darajada (yiliga 1,1 million tonnagacha) kamaytirishga yordam beradi.

Abu-Dabi hukumatiga qarashli “Mubadala Investment Company” sho‘’ba korxonasi hisoblangan “Masdar” kompaniyasi dunyoning qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalaridan biridir. Kompaniya tomonidan amalga oshirilgan investitsiyaviy loyihalar portfeli qayta tiklanadigan manbalardan quvvati 4000 MVtdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqaradigan inshootlarni o‘z ichiga oladi.