French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Masdar kompaniyasi O‘zbekiston gidroenergetika sohasiga kirib kelmoqda
13:19 / 2024-03-14

Ekologik toza energiya sohasida dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lgan Abu Dhabi Future Energy Company – Masdar (BAA) va «O‘zbekgidroenergo» AJ o‘rtasida shartnoma imzolandi. Hujjat elektr ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga qaratilgan. Shartnoma doirasida O‘zbekiston bo‘ylab gidroakkumulyatorli gidroelektr stansiyalarini qurish imkoniyati o‘rganiladi.

Xalqaro gidroenergetika uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, gidroakkumulyatorli gidroelektr stansiyalar dunyodagi energiya saqlash quvvatlarining 90 foizini tashkil qiladi. 2030-yilga borib ularning quvvati 240 GVt ga yetishi mumkin. Ekologik toza energiya sohasida ko‘plab loyihalar (2023-yil dekabrda mamlakatimiz energiya tizimiga Masdar kompaniyasining quyosh va shamol energetikasi sohasidagi umumiy quvvati 1,4 GVt bo‘lgan  ishlanmalari joriy etilgan) amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, mazkur imzolangan shartnoma Masdar kompaniyasining O‘zbekiston gidroakkumulyatorli elektr stansiyalar sohasiga kirib kelishini anglatadi.  

– Biz gidroakkumulyatorli gidroelektr stansiyalari orqali O‘zbekistonning   iqlim bo‘yicha maqsadlariga erishishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarda o‘z ishtirokimizni kengaytirishdan faxrlanamiz,  – deydi Masdar kompaniyasining bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al Ramohiy.      

O‘z navbatida, «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Fozil Mahmudov ushbu tadbir O‘zbekiston gidroenergetikasi rivojida yangi sahifa ochib berishini ta’kidlab, mamlakatimiz toza va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan barqaror va uzoq muddatli  energetika tizimi tarafdori ekanligini qayd etdi.  

Uzoq muddatli strategiyaga ko‘ra, 2030-yilgacha mamlakatimiz umumiy energetika balansida gidroenergetika ulushini  sezilarli darajada oshirish rejalashtirilgan. Shu bois, yangi gidroelektr stansiyalar va gidroakkumulyatorli gidroelektr stansiyalar qurishga, mavjudlarini  modernizatsiya qilishga, infratuzilmani yaxshilashga va sohaga investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish lozim.  

N. Ziyodullayeva, O‘zA