Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Maxsud Muhammedov mahalliy Kengash deputatlari bilan birgalikda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida joylashgan 5-son maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi. Deputatlar muassasada tarbiyalanayotgan bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonining sifati, moddiy-texnik baza hamda muassasa faoliyatining umumiy holati bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lumki, ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti 1939-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uzoq yillar davomida bir necha avlod bolalarini tarbiyalab kelayotgan ta’lim maskani hisoblanadi. Biroq bugungi kunda muassasaning mavjud binosi zamonaviy talablarga to‘liq javob bermasligi, binolarning jismoniy eskirgani va infratuzilmaning cheklanganligi tufayli yangi, zamonaviy binoga ehtiyoj mavjud. Ayni paytda mazkur muassasada 70 nafar bolajon maktabgacha ta’lim va tarbiya bilan qamrab olingan.

Deputatlar muassasaning moddiy-texnik holati, guruh xonalari, oshxona, uyqu xonalari hamda bolalar uchun yaratilgan sanitar-gigiyenik va xavfsizlik sharoitlarini atroflicha o‘rgandi. Aniqlangan muammolar yuzasidan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul mutasaddilari jalb etildi hamda yangi bino qurish masalasi yuzasidan amaliy muhokamalar olib borildi.
Mazkur masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati tomonidan alohida nazoratga olinib, bolajonlar uchun zamonaviy, qulay, xavfsiz va barcha talablarga javob beradigan yangi maktabgacha ta’lim tashkilotini barpo etish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, deputatlar G‘ijduvon tumanidagi 46-son umumta’lim maktabida ham bo‘lib, ta’lim sifati, o‘quv-tarbiya jarayonining tashkil etilishi, maktab muhiti va pedagogik faoliyat holatini o‘rgandilar. O‘quvchilarni sifatli ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, maktab va ota-onalar o‘rtasidagi hamkorlikning samaradorligi, o‘quvchilar bilimini baholash tizimi, pedagoglar faoliyatida raqamli texnologiyalarni joriy etish holati atroflicha tahlil qilindi.
Deputatlar tarbiya fani o‘qituvchilari bilan uchrashib, darslarning tashkiliy jarayoni, ta’lim jarayonida uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf etish mexanizmlari yuzasidan fikr almashdilar. Suhbat davomida o‘quvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini inobatga olgan holda, ularning ongiga umuminsoniy qadriyatlar, yuksak ma’naviyat, milliy g‘urur va fuqarolik mas’uliyatini singdirish, yosh avlodni vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, maktablarda ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarini zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida tashkil etish, innovatsion usullardan foydalanish, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan dasturlar ijrosi ham o‘rganildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri