Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Masʼullar tadbirkorlar huzurida
19:38 / 2019-08-16

Maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda Samarqand viloyatida mavjud 1500 dan ortiq oziq-ovqat sanoati korxonalarining 1431 tasi faoliyat yuritmoqda.

Xalq bilan muloqot

Samarqand tumanidagi “Agromir” qoʻshma korxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Samarqand viloyatidagi tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimlari, bir qator vazirlik va idoralar hamda Samarqand viloyati hokimligi vakillari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda davlatimiz rahbarining mazkur qarori ahamiyati, unda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar haqida soʻz yuritildi.

Maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda Samarqand viloyatida mavjud 1500 dan ortiq oziq-ovqat sanoati korxonalarining 1431 tasi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida ushbu yoʻnalishda 242 ta korxona tashkil etilgan.

Oʻtgan yili viloyatda 2 million 315 ming tonna meva-sabzavot va uzum yetishtirilib, uning 12,5 foizi (290 ming 100 tonna) qayta ishlangan xolos. Bu boradagi ishlarni takomillashtirish, meva-sabzavot va uzumni qayta ishlashni tashkil etish maqsadida 2019-yilda tegishli davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati 168,3 milliard soʻmlik 22 loyiha amalga oshirish belgilangan. Bugungi kunda Jomboy, Ishtixon va Urgut tumanlarida 6 (umumiy qiymati 15,8 milliard soʻmlik) loyiha amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-iyuldagi qarorida esa viloyatda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha umumiy qiymati 193,7 milliard soʻm boʻlgan 18 loyihani amalga oshirish va 57 ming 650 tonna yangi quvvatlar yaratilishi belgilangan. Ushbu loyihalarni muddatida amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borilmoqda.

Jumladan, Payariq tumanidagi “Tanais sharbat” MCHJ tomonidan amalga oshirilishi belgilangan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash loyihasida qurilish ishlari yakunlanib foydalanishga topshirish boʻyicha yakuniy ishlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda qarorda belgilangan loyihalar tashabbuskorlari, shuningdek, viloyatdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash faoliyati bilan shugʻullanuvchi yoki shu istakda boʻlgan tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan masʼullarga murojaat qildi.

Xususan, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Kamila Farm” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Sh.Ravshanov 3 gektar maydonda zamonaviy issiqxona tashkil etish uchun 1 million AQSH dollari miqdorida kredit olishda muammolarga duch kelayotganini maʼlum qildi. Ushbu murojaat yuzasidan “Ipoteka bank” ATIB hamda Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligiga topshiriqlar berildi.

Kattaqoʻrgʻon shahridagi “Kattaqoʻrgʻon sut” agrofirmasi, Jomboy tumanidagi “Maroqand meva-savzavot”, Toyloqdagi “Doniyev servis stil” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari rahbarlari esa elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammolarini hal etishda amaliy yordam soʻradi. Ushbu masalalar yuzasidan ham shu yerning oʻzida masʼullarga vazifalar topshirildi.

Uchrashuvda ishtirok etgan har bir tadbirkorning faoliyatida duch kelayotgan muammolar boʻyicha murojaati roʻyxatga olinib, ularni hal etish yuzasidan aniq muddat va masʼullar belgilandi.