Masʼuliyatni oʻzimga yuksak sharaf, deb bildim
Mamlakatimizda biz, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning beqiyosligi har birimizni yana-da shijoat va gʻayrat bilan mehnat qilishga, bilim olishga undamoqda.
Mamlakatimizda biz, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning beqiyosligi har birimizni yana-da shijoat va gʻayrat bilan mehnat qilishga, bilim olishga undamoqda.
Haqiqatan ham dunyoda bizning mamlakatdagidek yoshlarga alohida eʼtibor qaratayotgan yurt boʻlmasa kerak. Jannatmakon yurtimizda oʻqish, oʻrganish, ijod qilish, mehnat qilish, oʻz iqtidorini namoyon qilish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Oldimizda turgan vazifa esa bitta: u ham boʻlsa shu Ona zaminga munosib boʻlish.
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimizning navqiron avlod vakillariga yoʻllagan tabriklari qalblarimizni toʻqinlantirib turgan shu baxtiyor kunlarda yangi-yangi gʻoyalar ustida bosh qotirayapmiz.
Davlatimiz rahbarining tabrik soʻzlari biz yoshlarni yana-da faol boʻlishga, hech kimdan kam emasligimizni namoyon etishga katta kuch bagʻishladi. Xususan, “Bugungi kunda zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallash har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi shartiga aylanib borayotgani hech kimga sir emas. Ana shu haqiqatni chuqur anglagan holda, biz navqiron avlodimizning ham jismoniy, ham maʼnaviy jihatdan barkamol boʻlib voyaga yetishi uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etmoqdamiz”, degan purmaʼno soʻzlari har bir yoshning vujudini gʻurur va iftixorga toʻldirdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Men ham shu betakror yurtning farzandi ekanligimdan hamisha faxrlanaman. Qalbi osmondek begʻubor, yuragi toza oʻzbek xalqi hamisha qaddini baland tutib, oʻziga xos gʻurur bilan dunyoni lol qoldirgan. Ota-bobolarimizning koʻrsatgan jasorati, ilm va maʼnaviyat, madaniyat sohasidagi matonati biz uchun katta ibrat maktabidir.
Yaqinda tengdoshlarim qatori Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti aʼzoligiga saylanganim, zimmamdagi masʼuliyatni yana-da oshirdi.
Mazkur parlament aʼzolarining oldida yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim va ustuvor vazifalar qoʻyildi.
Tengdosh qalbini koʻproq tengdosh tushunadi, albatta. Yosh boʻlib, yoshlarning muammolarini oʻrganish, ularni tashvishlantirayotgan jarayonlarga xolis baho berish, muammolarga ijobiy yechim topish bizni yana-da izlanishga, hayotni chuqurroq oʻrganishga chorlamoqda. Bu masʼuliyatni men oʻzimga yuksak sharaf, deb bildim. Menga bildirilgan bu yuksak ishonchni, albatta oʻzimning fidoyiligim va sadoqatim bilan oqlayman.
Shu kundan eʼtiboran Ona yurtimga, shijoatli yoshlarimizga, muhtaram Yurtboshimizga qanot boʻlib, porloq kelajagimiz uchun sadoqat bilan xizmat qilishga bel bogʻladim. Viloyatimiz yoshlarining taqdiri va istiqboli uchun kerak boʻlsa 24 soat ishlashni oʻzimga muqaddas vazifa, deb belgiladim.
Biz toʻgʻri yoʻldan ogʻishmay, marrani katta olgan, olis choʻqqilarni koʻzlagan metindek irodali xalqning baxtiyor yoshlari ekanligimizni isbotlash vaqti keldi. Zero, har bir harakatimiz, oʻy-fikrimiz, orzu-intilishimiz, dadil qadamlarimiz yurtimiz istiqboli, kelajagiga, bugungi izchil islohotlarga daxldordir.
Sardor GʻAFFOROV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti aʼzosi.