"COVID-19: Global pandemiyaga qarshi samarali kurash - Germaniya universiteti tibbiyotining tajribasi va amaliy xulosalari" mavzuida onlayn xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va “OPASCA GmbH” kompaniyasi hamkorligida Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi hamda mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda 200 nafarga yaqin tibbiyot sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjuman ochilishida Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh radiologi, tibbiyot fanlari doktori Damir Zaredinov, “OPASCA GmbH” kompaniyasi bosh direktori Aleksey Sverdlov va boshqalar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda O‘zbekiston va Germaniya tibbiyot sohasi vakillarining hamkorligi amaliy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
“OPASCA GmbH” kompaniyasi bosh direktori Aleksey Sverdlovning qayd etishicha, ushbu onlayn anjuman o‘zida 20 sessiyali ma’ruzalarni o‘zida jamlagan. Unda ishtirokchilar uchun koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda Germaniya tajribasi haqida fikr yuritiladi. Anjumanning 1-sessiyasi mavzusi “Tabiiy muhofaza qilishmi yoki emlash? COVID-19 vaksinalari haqida ma’lumot”, deb nomlangan.

Anjumanda Frayburg universiteti klinikasi Klinik farmatsiya departamenti direktori, professor Martin Xug mazkur mavzu bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Ekspert dastlab Germaniyada koronavirus pandemiyasi holati, mavjud vaziyat va unga qarshi kurashda orttirilgan tajribaga to‘xtalib o‘tdi. So‘ngra COVID-19 vaksinalari haqida ma’lumot berdi.
– Avvalo, sizlar bilan onlayn muloqotda bo‘lganimdan xursandman, – dedi professor Martin Xug. – Bugun butun dunyoga koronavirus balosi xavf solmoqda. Shunday vaziyatda xalqaro tajribani o‘rganish juda muhim. Ochig‘i, shu vaqtga qadar bunday baloni hech kim boshidan o‘tkazmagan edi. Ma’lumki, bu virus asosan inson o‘pkasini va boshqa a’zolarini zararlaydi. Lekin biz bu jarayonni o‘rganishning dastlabki bosqichlaridamiz. Germaniyada 2020 yilning bahor oyida birinchi to‘lqin, kuz oyida ikkinchi to‘lqin, keyin uchinchi to‘lqin kuzatildi. Ayrimlarning hisobicha, bizda endi to‘rtinchi to‘lqin kuzatiladi. Virus mutatsiyaga uchraydi, har bir mutatsiya oldingisidan ko‘ra zararlidir. Albatta, virus tarqalishini to‘xtatish mumkin va bunga epidemiologik choralar ko‘rish, cheklovlar o‘rnatish lozim. Emlash ishlarini tashkil qilish virusga qarshi kurashda o‘ta muhim. Bolalarni emlash bo‘yicha ilk harakatlar boshlangan. Biroq hozircha Germaniyada 18 yoshgacha bo‘lganlarni emlash tavsiya etilmagan. Bolalar, yoshlar ham bu virusning asosiy rezervuari hisoblanadi. Biz bilamizki, virus emlanmagan insonlarga xavf tug‘diraveradi. Shu sababli, aholini emlash – bu virus tarqalishi va uning yangi turlaridan yaxshi himoyadir.

Ta’kidlash kerakki, anjuman mahalliy va xorijlik ishtirokchilar uchun yanada mazmunli va savol-javoblarga boy bo‘ldi. Unda germaniyalik ekspert Martin Xug ishtirokchilarning vaksinalar va emlash bilan bog‘liq savollariga birma-bir to‘xtalib o‘tdi.
– Anjuman bevosita bugungi dolzarb mavzu – koronavirus pandemiyasi va emlash masalalari bilan bog‘liq bo‘lgani uchun juda foydali bo‘ldi. Nemis professorining ta’kidlashicha, bolalarni ham emlash maqsadga muvofiq. Shuningdek, yangi vaksinalar, vektorli vaksinalardan foydalangandan so‘ng tromboz xavfi qandayligi, kimyoterapiya olgan bemorlarni emlash tartibi kabi ishtirokchilarning barcha savollariga atroflicha javob berildi, – dedi anjumanning onlayn ishtirokchisi Sadoqat Nazarova.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA