Mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150 - yubiley assambleyasi o‘z ishini davom ettirmoqda.
O‘zA muxbiri Assambleyada ishtirok etayotgan Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong bilan suhbatlashdi:
– Biz bugun “Yubiley assambleya”ga yig‘ildik. Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi ilk bor ushbu mintaqada — O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda.
Shu munosabat bilan mamlakat rahbariyati, shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevga va Senat Raisi Tanzila Norboyevaga chuqur minnatdorligimni bildiraman. Ularning rahbarligida ushbu muhim assambleyani yuqori darajada o‘tkazish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Mazkur yig‘ilish gender tengligi borasida muhim yilga to‘g‘ri kelmoqda va, men xursandmanki, Senat Raisi bu borada yetakchilik qilib, gender tengligini targ‘ib qilishda faol ishtirok etmoqda.
Imkoniyatdan foydalanib, O‘zbekiston rasmiylarini yoshlarning siyosiy hayotdagi ishtirokini oshirish borasida erishgan yutuqlari bilan tabriklamoqchiman. Men bu yerga ilk kelganimda, yoshlarning ishtiroki juda past edi, ammo hozirda bu ko‘rsatkich sezilarli darajada oshgan. Bu borada O‘zbekiston Prezidentining siyosiy jarayonlarda inklyuzivlikni ta’minlashga qaratilgan choralari e’tiborga loyiqdir.
Toshkentga qariyb 2000 nafar mehmon keldi. Toshkent – parlament diplomatiyasining poytaxtiga aylandi. Bu yig‘ilish global hamjamiyat duch kelayotgan muammolar, ziddiyatlar va nizolarni muloqot orqali hal qilish mumkinligini ko‘rsatuvchi namunaga aylanadi. Ayni vaqtda dunyo murakkab muammolar, urushlar va ziddiyatlar girdobida qolayotgan bir paytda, ushbu assambleyaning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakat rahbariyatining ko‘p tomonlama hamkorlik va parlament diplomatiyasini rivojlantirishga bo‘lgan sodiqligini ko‘rsatadi.
Buning uchun Parlamentlararo Ittifoq juda minnatdor.
Umid qilamizki, biz “Toshkent deklaratsiyasi” deb nomlanuvchi asosiy bayonotni qabul qilamiz. Ushbu deklaratsiya Parlamentlararo Ittifoq uchun “yo‘l xaritasi”bo‘lib xizmat qiladi va ijtimoiy taraqqiyot hamda ijtimoiy adolatni targ‘ib qilishda bajariladigan ishlar uchun asos bo‘ladi.
Assambleyaga katta umid bog‘laganmiz. Ishonchim komilki, biz O‘zbekiston rasmiylarining bu muhim tadbirni o‘tkazish taklifini qabul qilishda aslo xato qilganimiz yo‘q.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/l8aq60Wsmqk" title="Martin Chungong: Toshkent assambleyasi – global hamjamiyat duch kelayotgan nizolarni muloqot" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Doniyor Yakubov (video), Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA