Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo xotin-qizlari forumida Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong ishtirok etib, mazkur nufuzli anjuman O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarixiy tashabbusiga binoan o‘tkazilayotganini e’tirof etdi.
– Men bu tashabbusdan juda mamnunman, – dedi M.Chungong. – Chunki jamiyatning har bir fuqarosi, erkak va ayol huquqlarini himoya qilish uchun barchamiz birlashishimiz juda muhim. Biz ayollar va erkaklar teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’minlashimiz, jamiyat farovonligi yo‘lida birgalikda harakat qilishimiz kerak. Osiyo mintaqasida bir guruh ayol yetakchilar borligi, ular orasida parlament vakillari borligidan faxrlanaman.
Ayniqsa, O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyevaga mazkur nufuzli anjumanni yuqori saviyada tashkil etgani va raislik qilayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu juda muhim uchrashuv va biz bundan muvaffaqiyatli natija kutyapmiz.
Chunki forumni o‘tkazish tashabbusi o‘z vaqtida ilgari surildi va amalda o‘z ifodasini topgani gender tengligi hamda uni rag‘batlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga yordam berishiga ishonamiz. Gender tengligi bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishiga shubha yo‘q.
Norgul Abduraimova,
O‘zA