Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Marsga borish uchun qancha mablag‘ kerak?
16:25 / 2022-05-08

Bu savolga javoban, amerikalik tadbirkor Ilon Mask “bir trillion dollar”, dedi.

Ha, “SpaceX” rahbari ta’kidlashicha, odamlarni Qizil sayyoraga jo‘natish hozirgi sharoitda 1 trillion dollarga tusharkan.

Mask nimaga asoslanib ushbu raqamni keltirmoqda? Avvalo, raketa yaratish kerak, yasaganda ham yagona emas, balki o‘nlab nusxada. Bundan tashqari parvoz bilan bog‘liq boshqa tashvishlar uchun ham mablag‘ sarflashga to‘g‘ri keladi. Masalan, kishilarni ushbu g‘aroyib sayohatga ham jismonan, ham ruhan tayyorlash, ularni tibbiy jihoz, turli aloqa vositalari bilan ta’minlash lozim. Xullas, sarf-xarajat haddan ziyodligi insoniyatning Marsni egallash orzusiga yetishni qiyinlashtiradi, deydi u.

Shunga qaramay, Ilon inson ilk qadamini Qizil sayyoraga yaqin 5-10 yilda qo‘ya olishini ishonch bilan ta’kidlaydi.

Ilon Mask nafaqat omadi yurishgan tadbirkor, balki ajoyib g‘oyalari bilan ham tanilgan shaxs. U “Tesla” kompaniyasini yaratayotganda elektromobillar davri boshlanayotganiga ko‘pchilik ishonmagandi. Yaqin-yaqingacha koinotga reketa uchirishni faqat davlat eplaydi, degan tushuncha ham mavjud edi. Ilon Mask esa o‘zining “SpaceX” kompaniyasiga asos solib, ayrim nazariy fikrlarni yo‘qqa chiqardi. Hozir tadbirkor vaqti-vaqti bilan fazoga yuzlab sun’iy yo‘ldoshlarni uchiryapti. Uning maqsadi sayyoramizni internet bilan to‘liq ta’minlash. Milliarderning haqiqiy hayotga ancha yaqin xayolot olamidagi yana bir yo‘nalish – uning Qizil sayyoraga bo‘lgan qiziqishi. Hozirgacha Marsga turli apparatlar uchirildi, sayyoraning suratlari olindi, tuprog‘idan namuna keltirildi. Endi o‘sha yoqqa odam jo‘natish vaqti ham keldi, deb hisoblamoqda Ilon Mask.

Marsda shahar qurish g‘oyasi ham Maskka tegishli.

Ilonning aytishicha, Marsga bormoqchi bo‘lgan yerliklar chipta sotib oladi, chipta narxi esa da’vogar yashayotgan mamlakat iqtisodiy ahvoliga qarab belgilanadi. Maskning rejasi Marsga sayohatni imkon darajasida arzonlashtirish. Uning fikricha, Qizil sayyorada shahar qurilishi uchun, taxminan, bir million kishi jalb qilinishi kerak.

Xullas, tadbirkorning niyati - kim istasa, o‘sha odamga Marsni ko‘rsatish. U shartli ravishda 100 million dollar to‘plash uchun ishlash yoki kredit olish mumkinligini qo‘shimcha qiladi.

Mask ssenariysi bo‘yicha ayrimlar koinotga sayohat qilish uchun uyini yoki boshqa mulkini sotadi. Ehtimol, kimgadir hukumat homiylik qilar?..

Ilon Mask 10 yil davomida 1000 ta “SpaceX” fazo kemasi qurishni rejalashtirgan. Qizil sayyoraga birinchi fazo kemasi sinov tariqasida 2029 yil uchirilishi kutilyapti.

Marsga yetib borish bir yoki ikki kunlik ish emas. Unga hozirgi sharoitda oylab parvoz qilinadi. Shubhasiz, bunday sayohatning eng qulay varianti ishlab chiqilishi lozim. Yevropa koinot agentligi (YeKA) ekspertlari kosmonavtlarni Marsga yetkazishning eng maqbul yo‘li ularni uxlatib qo‘yish ekanini ta’kidlamoqda. Mutaxassislar fikricha, uyqu rejimi koinot safariga chiqish uchun eng zo‘r yechim bo‘lishi mumkin. Xulosa shuki, Qizil sayyoraga otlangan fazogir uch oydan to‘qqiz oygacha uyqu holatida bo‘ladi, ya’ni maxsus kapsulada uxlatib qo‘yiladi.

Neuroscience & Biobehavioral Reviews” jurnalida e’lon qilingan maqolada Marsga yetib borish uchun uyqu rejimidan yaxshiroq usul yo‘q, degan fikr ilgari surilgan.

Masalan, ayiq qishda pinakka ketganda oz quvvat sarflaydi, chunki muskul va suyaklarini charchatib qo‘ymasligi uchun, deyarli, qimirlatmaydi. Uyqu jonivorni ozib, sillasi qurib qolishdan asraydi. Fazogirlar ham parvoz vaqtida, vaznsizlik holatida muskullarini kam ishlatadi. Uyqudagi kishi oziq-ovqat va suvga ko‘p zarurat sezmaydi. Qolaversa, bunda joy va yoqilg‘i ham tejaladi. Xususan, Marsga parvoz qilish uchun, taxminan, ikki yilga yetadigan oziq-ovqat va suv zaxirasi kerak. Gibernatsiya (mohiyatan, kuch va energiya tejaladigan tartib) holatida ekipajning metabolizm tezligi oddiy holatga nisbatan 25 foiz pasayadi.

«Inson gibernatsiyasi ilmiy fantastika doirasidan chiqib, kosmik sayohat uchun inqilobiy texnika vositasiga aylanishi mumkin». “YeKA” hisobotidan keltirilgan bu parchada gap uyqu holati uch oydan to‘qqiz oygacha cho‘zilishi haqida ketyapti.

Uyqu holatidagi ekipaj butun parvoz davomida maxsus kapsulalarda tananing holati, harorati va yurak qisqarishi tezligini nazorat qilib turadigan o‘lchov asboblari (datchiklar)ga ulangan  tarzda yotadi.

Yumshoq qobiqli konteyner kuchsiz yoritilgan va yuqori namlikka ega osuda muhitga joylashtirilgan bo‘ladi. “YeKA” ma’lumotiga ko‘ra, fazogirga qizib ketmaydigan kiyim kiydiriladi. Bunday libos organizm uchun qulay holatni ta’minlaydi.

Xullas, inson tafakkuri g‘oya yaratishdan to‘xtamaydi. Reja hayotiy va taraqqiyot uchun zarur bo‘lsa, albatta, amalga oshiriladi. Odamzot yaralibdiki, mudom shunday. Demak, sayyoradoshlarimizning Qizil sayyorani borib ko‘rish orzusi ham vaqti kelib amalga oshajak.

Saidmurod Rahimov, 

O‘zA sharhlovchisi