Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Marralarimiz juda yuqori, xalqimiz bizdan amaliy natijalar kutyapti
23:17 / 2022-02-10

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji bilan yaqindan tanishish maqsadida 10 fevral kuni Samarqand viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari har gal Samarqandga tashrif buyurib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha loyihalar bilan tanishganida, faollar bilan uchrashganda viloyatning turistik salohiyatidan samarali foydalanish, mazkur tarmoqni iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylantirishga e’tibor qaratadi. Shu bilan birga bu yerdagi muqaddas qadamjolarni obod qilish, buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga, yosh avlodni ularga munosib bo‘lishga da’vat etadi.

Shavkat Mirziyoyevning 2019 va 2021 yillardagi tashriflarida ham bu jihatlar ustuvor ahamiyat kasb etib, bir qator yangi loyihalar belgilangandi. Shu asosida Samarqandda xalqaro aeroportni modernizatsiya qilish, eshkak eshish kanali atrofida Samarqand turizm markazini qurish, Imom Buxoriy majmuasini rekonstruksiya qilish, shahar yo‘llarini kengaytirish va kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida yangi turar joy massivlari bunyod etish kabi ishlar boshlangandi. Ushbu qurilish-bunyodkorlik ishlari natijasida Samarqand qiyofasi kun sayin o‘zgarib zamonaviy ko‘rinish kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi Samarqand xalqaro aeroportida yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirishdan boshlandi.

Ma’lumki, bu «havo darvozasi» qariyb 83 million dollarlik loyiha evaziga yangidan qurilmoqda. O‘tgan yili uchish-qo‘nish yo‘lagi qayta qurilgan edi. bugungi kunda yangi terminal to‘liq tiklanib, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Yo‘l, avtoturargoh va yoritish ustunlari barpo etilmoqda.

Mirzo Ulug‘bekning buyuk merosi Samarqandning timsoliga aylangan. Shu bois yangi aeroport binosi alloma bobomizning «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» kitobi shaklida barpo etilgan. Terminalning eni 175, balandligi 25 metr. Bir soatda 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Aeroportda “ochiq osmon” rejimi qo‘llaniladi, kargo xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi terminalni kelgusi oyda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, an’anaga ko‘ra, Samarqandga tashrifi chog‘ida buyuk muhaddis Imom Buxoriy qabrini ziyorat qildi.

Qur’on tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari majmua qurilishini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda qariyb 10 ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, to‘rtta minora, ayvonlar barpo etilmoqda.

Maqbaraning o‘ng tomonida, yerostida galereya qurilmoqda. Bu yerda ziyoratchilar alloma qabrini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Maqbara naqqoshlik va xattotlik san’ati asosida sayqallanadi. Uning devorlariga qadimiy uslubda Qur’oni karim suralari va hadislar yoziladi.

Shu yerda galdagi qurilish ishlari haqida ma’lumot berildi. Majmua yonida mehmonxonalar, avtoturargoh, avtobekat, oshxonalar, savdo rastalari, tahoratxona barpo etiladi.

Prezident ularni sifatli qurish, ko‘p sonli ziyoratchilarga zamonaviy qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari Hazrati Hizr majmuasidagi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasini ham ziyorat qildi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida qurilgan tunnelni borib ko‘rdi.

Bu ikki ko‘cha shahardagi eng katta, serqatnov yo‘llardan. Tunnel qurilishi natijasida transportlar harakatiga qulaylik oshib, tirbandlik bartaraf bo‘ldi. Uning uzunligi 120, kengligi qariyb 27 metr.

Rudakiy ko‘chasida avtomobil va tramvay yo‘li, piyodalar va velosiped yo‘laklari qurildi. Hudud obodonlashtirildi.

Shu yerda Samarqandda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi.

– Oxirgi yillarda Samarqand har tomonlama rivojlanyapti. Lekin hali odamlarga qulaylik va xavfsizlik jihatidan ko‘p ish qilish kerak. Bu yerda ham yil sayin mashinalar ko‘payayapti. Yo‘llar, svetoforlar esa deyarli o‘sha-o‘sha. Shuning uchun bu sohaga ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markaz tashkil qilish maqsadga muvofiq. Ular xorij tajribasini o‘rganib, joriy etishi, qaysi yo‘lni kengaytirish, qayerda yo‘lak qurish, qayerda svetoforni olib tashlash bo‘yicha taklif ishlab chiqishi kerak, – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev mazkur tunnel yaqinida, Bo‘stonsaroy ko‘chasida qurilgan galereya uslubidagi ko‘prikni ham ko‘zdan kechirdi.

Shu paytgacha yo‘lning Siyob kanali ustidan o‘tgan qismi ancha past bo‘lib, yog‘ingarchilik paytida transport va piyodalar uchun noqulaylik tug‘dirardi. Shu bois yo‘l 23 metrgacha ko‘tarilib, eni 31 metrgacha kengaytirildi. Yo‘lning ikki chetida himoya vositasi, shovqin kamaytiruvchi to‘siqlar o‘rnatildi. Piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etildi.

Tashrif dasturidan o‘rin olgan navbatdagi manzil – Samarqand shahridagi 59 maktab-internat bo‘ldi.

Bu muassasa 1974 yilda qurilgan, 2009 yilda kapital ta’mirlangan. O‘quv binolari, yotoqxona va oshxonada zarur sharoitlar yaratilgan. Hozirgi kunda muassasada 259 nafar ko‘zi ojiz bolalar bilim olmoqda.

Maktabda fanlar va musiqa to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘plab o‘quvchilar san’at va sport yo‘nalishlarida xalqaro miqyosda muvaffaqiyatlarga erishgan. O‘tgan yili maktab-internatni tamomlagan 19 nafar yoshdan 9 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.

Davlatimiz rahbari o‘quvchi va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. Murabbiylar 2003 yilda, Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan paytda ham bu yerga kelganini yodga olishdi. Maktabdagi sharoitlar, o‘qishga kirishdagi imtiyozlar uchun minnatdorlik bildirdi.

– Hamma harakatlarimiz tagida inson qadrini ulug‘lash maqsadi bor. Bugun bu yerga sizlarning xohish-istaklaringiz, muammolaringizni bilish uchun keldim. Maqsadimiz – yaxshi o‘qib, ishlab, jamiyatda o‘rin topishingiz uchun sharoit yaratish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘qituvchilar brayl alifbosidagi yangi darsliklar, ayniqsa, chet tili bo‘yicha kitoblar, kompyuter klaviaturalari yetishmayotganini aytdi. Imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlash malakasiga ega pedagoglar ham kam.

Prezidentimiz bularning hammasini inobatga olib, ko‘zi ojiz insonlar uchun imkoniyatlar kengaytirilishini ta’kidladi.

– Shunday qaror qabul qilamizki, avvalo maktablarning o‘zida o‘quvchilar kasbga o‘rgatiladi. Har bir oliygohda, tashkilotda ko‘zi ojiz insonlar uchun alohida o‘rinlar bo‘ladi. Bu sohadagi eng katta qiyinchiliklardan biri – maktabgacha ta’lim. Shuning uchun har bir maktab-internat yonida bog‘cha ham qurish kerak, – dedi davlat rahbari.

Bu borada hujjat loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berildi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari «Silk road Samarkand» turizm markazi qurilishi bilan tanishdi.

Bu ulkan majmua Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida barpo etilmoqda. Loyihaning qiymati 381 million dollarni tashkil etadi. bugungi kunda 8 ta mehmonxona, kongress-xoll, «Abadiy shahar» karvonsaroyi qurilmoqda. Mehmonxonalarning ikkitasi 22 qavatli, besh yulduzli, qolganlari to‘rt yulduzli bo‘ladi.

Bu yerda zamonaviy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

– Bizda turistlar kelib tomosha qiladigan bino va obidalar ko‘p. Lekin xizmatlar turi kam, sifati past. Bu markazda ko‘p tarmoqli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi kerak. Turizm sohasida o‘qiyotgan talabalar shu yerga kelib, amaliyot o‘tashi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz «Abadiy shahar» karvonsaroyini ham kirib ko‘rdi. Bu joy yurtimizning qadimiy shaharlarini eslatadi, xalqimizning me’morlik an’analari, amaliy san’at turlari, milliy taomlar, qadimiy bozorlarimiz ko‘rinishini mujassam etadi.

– Bu yerda tariximiz, madaniyatimiz namoyon bo‘ladi, odamlar bolalari bilan kelib ko‘radi. Shuning uchun binolardagi bezaklar, ranglar me’yorida, milliyligimizga xos bo‘lishi kerak. Karvonsaroy hovlisida hunarmandlar rastasini tashkil qilish ham mumkin, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Jomboy tumanidagi «Toshkent» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.

Hududda 4 mingdan ortiq aholi yashaydi. O‘ndan ortiq do‘kon, maishiy xizmat shoxobchalari, oshxona va qandolat sexida xotin-qizlar va yoshlar ish bilan band. Ming o‘rinli maktab, musiqa va san’at maktabi, 600 o‘rinli bolalar bog‘chasi bor. Mahalla markazida tashkil etilgan o‘quv maskanida shu yerlik ishsiz ayollarga tikuvchilik sirlari o‘rgatilyapti.

Ma’lumki, mamlakatimizda mahallabay ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etildi. Shu asosida Jomboy tumanidagi 38 ta mahallaga ham hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari tayinlandi. Prezidentimiz ular bilan suhbatlashdi.

Hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari o‘zlari mas’ul mahalladagi o‘rganish natijalari, muammolarni hal etish bo‘yicha rejalarini so‘zlab berdi. Yordamga muhtoj oilalar a’zolari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilishi, o‘zini o‘zi band qilish uchun imtiyozli kredit va subsidiya berilishi, dehqon xo‘jaligi uchun yer maydonlari ajratilishi aytildi.

Bu yil Jomboyda mahallabay tizim orqali tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash uchun 62 milliard so‘m imtiyozli kredit va 4,5 milliard so‘m subsidiya ajratish ko‘zda tutilgan.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, sportga jalb etish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ham muhimligi ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi yakunida hokimlar va sektor rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shahar va tumanlardagi dolzarb iqtisodiy-ijtimoiy masalalar ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim hokimlar poraxo‘rlik, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ygan, odamlar dardiga be’tibor bo‘lgan. Zarur mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, ichimlik suvi, issiqlik va elektr ta’minotini yaxshilash ishlari sust tashkil etilgan.

Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun ajratilgan subsidiya mablag‘lari maqsadsiz ishlatilgan. Viloyat banklarida muammoli kreditlar hajmi ortgan, kreditlarni noto‘g‘ri ajratish, imtiyozli kreditlarga mo‘ljallangan mablag‘larni talon-taroj qilish holatlari aniqlangan. Yo‘l-transport hodisalari, jinoyatlar soni oshgan.

O‘z faoliyatida mas’uliyatsizlikka, jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun bir qator tuman hokimlari, hududiy idoralar rahbarlari vazifasidan ozod qilindi. Kamchiliklarni bartaraf etib, tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalar farovonligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

– Marralarimiz juda yuqori, xalqimiz bizdan amaliy natijalar kutayapti. Mana, bugun o‘n nafar rahbarni ishdan oldim. Bundan buyon ishlamagan rahbarlarga chora juda qattiq bo‘ladi. Bundan hamma xulosa qilishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish yakunida.

Shu bilan davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifini yakunladi.

Z.JONIBEKOV, A.MUSAEV,

G‘.HASANOV, O‘zA muxbirlari