So‘nggi yillarda jamiyatda ortiqcha isrofgarchilik, dabdababozlik, shuhratparastlik va me’yordan oshish kabi salbiy holatlar kuzatilmoqda. Xususan, oilaviy tadbirlar, to‘y va marosimlarning haddan tashqari dabdabali o‘tkazilishi aholining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlariga putur yetkazib, milliy qadriyatlarimizga zid kayfiyatlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur muammolarning oldini olish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda maromiylik tamoyillariga asoslangan hayot tarzini qaror toptirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yil 14 oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalla tizimini yangi bosqichga olib chiqish, aholining ijtimoiy muammolarini tizimli hal qilish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashga doir dolzarb vazifalar belgilandi.
[gallery-26034]
Bu borada Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa mas’ul va manfaatdor tashkilotlar hamkorligida jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, targ‘ibot ishlarida dolzarb 90 kunlik belgilandi. Shu munosabati bilan Buxoroda bo‘lib o‘tgan tadbir viloyatda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish maqsadida tashkil etilgan Maromiylik marafoni doirasidagi dastlabki muhokama bo‘ldi.
Muloqotda viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artiqova va boshqalar so‘zga chiqib, to‘y-marosimlarni ixchamlashtirish, ortiqcha hashamat va isrofgarchilikka barham berish, maromiylikka erishishga doir fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ta’kidlanganidek, viloyat shahar-tumanlarida ayni kunda “Maromiylik” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari boshlandi. Unda “Qadriyatlar qadr topgan oila”, “To‘ymisan to‘y bo‘ldi!”, “Mustahkam oila, buzilmas qo‘rg‘on”, “Dabdabadan kimga foyda?” degan dolzarb mavzularda targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkaziladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, teleradiokanal orqali to‘y va marosimlarda ixchamlik, tejamkorlikni targ‘ib etish maqsadida ko‘rsatuv, lavha, eshittirish va ijtimoiy roliklar tayyorlash va keng targ‘ib qilish, ixcham to‘ylarni amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz haqida ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlash maqsad qilingan.
–Afsuski, ayrim fuqarolar to‘ylarni ortiqcha dabdaba va hashamga aylantirayapti, –deydi viloyat hokimining o‘rinbosari– Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artiqova. –O‘zaro diydorlashuv, mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash, shodlik quvonchini birga baham ko‘rish, madaniy hordiq chiqarish kabi oliyjanob vazifalarni bajarib kelgan to‘y marosimini o‘z boyliklarini ko‘z-ko‘z qilish vositasi deb bilayapti. Vaholanki, bu kabi soxta xo‘jako‘rsinchilik, dabdababozlik yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ularning milliy rasm-rusumlarimiz to‘g‘risidagi tasavvurlariga putur yetyapti. Bular esa, oxir-oqibatda asriy an’analarimizni obro‘sizlantiradi. Chetdan yot g‘oyalarning kirib kelishiga imkon yaratadi. Kuzatishlar ko‘rsatayaptiki, bugun viloyatda ham o‘tkazilayotgan to‘ylar tobora hashamatli tus olib, serchiqim bo‘lib bormoqda. Afsuski, ayrim ota-onalar, to‘ychilar urf-odat bilan bid’atning farqiga borishmayapti. Nikoh to‘yini qo‘yib turaylik, unga qadar ham bir necha to‘yoldi ma’rakalar tashkil etilmoqda. Qiz tomonning roziligi olingach, 50-60 kishi chaqirilib, “katta javob berdi” tadbiri (buni “shirinxo‘ri” ham deyishadi) tashkil etilyapti. So‘ngra esa 100-150 kishi chaqirilib, fotiha to‘yi o‘tkaziladi. Sunnat to‘ylarida ikki, uch xil ovqat qilish, dasturxonga spirtli ichimliklarni tortish, minglab odamlarni chorlab, bazmgohni tala-to‘pga aylantirish va bu bilan gerdayib maqtanish, odobning qaysi me’yorilariga mos? Nikoh to‘ylarida quda-andalarning ming bir oldi-berdilari, bo‘g‘zigacha qarzga botib, xarajat qilishlari, to‘ydan so‘ng hech vaqt o‘tmay janjallashishlar, ajralib ketishlar-chi?! Hali beshikda yotgan go‘dak nabiralarning tug‘ilgan kunlarini restoranlarda nishonlashlar.,,
Tadbirda yakdil maqsad yo‘lida kuchlar birlashtirilib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limlarining hamkorlikdagi memorandumi imzolandi. Mazkur tashabbus jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish va milliy qadriyatlarimizga asoslangan me’yoriy hayot tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.