French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maromiylik loyihasi Surxondaryoda ham amalga oshmoqda
14:43 / 2026-02-01

Bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifat xodimlari ham davr talablari asosida ish yuritish uchun butun kuch hamda imkoniyatlarini ishga solishayotir.Xususan, yangi urf-odatlarni hayotga joriy etish va barcha jabhalarda zamon talabiga muvofiq ish yuritish, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish kabi dolzarb vazifalar ham soha mutasaddilarining asosiy diqqat-e’tiborida bo‘layotir.

Yaqinda respublika va ma’naviyat va ma’rifat markazining Surxondaryo viloyat bo‘limi rahbari Nargiza Rahmatullayeva bilan suhbatimiz keyingi oylarda amalga oshirilayotgan ibratli ishlar xususida bo‘ldi.

-Bugun jamiyatimiz hayotida nihoyatda muhim bo‘lgan masala-maromiylik madaniyatini shakllantirish,ya’ni hayotda me’yorni saqlash,isrofgarchilik va dabdababozlik illatlariga qarshi ma’naviy immunitetni mustahkamlash asosiy vazifamiz ekanligini unutmasligimiz zarur..Xususan, oilaviy tadbirlar,to‘y va marosimlarning haddan tashqari dabdabali o‘tkazilishi aholining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlariga putur yetkazib, milliy qadriyatlarimizga zid kayfiyatlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.Mazkur muammolarning oldini olish,jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda  maromiylik tamoyillariga  asoslangan hayot tarzini  qaror topdirish bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2025-yil 14-oktabr kuni o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash,  fuqarolarda islohotlarga daxldorlik va mas’uliyat tuyg‘usini oshirish, shuningdek mahalla institutining rolini yangi bosqichga ko‘tarish, oilaviy qadriyatlarni asrash hamda  ortiqcha isrofgarchilikka chek qo‘yish masalalari alohida ta’kidlandi.Shuningdek, hukumatimiz tomonidan 2025-yil 16-sentabrda qabul qilingan 589-sonli qaror ham ayni yo‘nalishda muhim hujjat bo‘lib, umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish, atrof-muhitga  salbiy ta’sirni bartaraf etish va ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Jamiyatda aynan maromiylik madaniyatini keng targ‘ib etish orqali fuqarolarda me’yorni saqlash, ortiqcha isrofgarchilikdan tiyilish, shukronalik va bag‘rikenglik  kabi yuksak insoniy fazilatlarni hayot mezoniga aylantirish, natijada jamiyatda totuvlik, hamjihatlik va ma’naviy barqarorlikni ta’minlashga erishish ko‘zda tutilmoqda.Shu maqsad yo‘lida kuchlar birlashtirilib, respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi, din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan  ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot tadbirlarini  o‘tkazish bo‘yicha  chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.Dasturda belgilab berilgan vazifalar yuzasidan  Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida bir qator tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilayotgan  maromiylik loyihasi doirasida “to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining  roli” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.Bunday tadbir viloyatimizning barcha tumanlarida o‘tkazilganligi katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Natijalar quvonarli bo‘layotir.Misol uchun Sariosiyo tumanida istiqomat qiluvchi  Dilfuza Islomova xonadonida o‘tkazilgan to‘y barchaga namuna bo‘lganligini alohida ta’kidlash kerak.Eng muhimi, bu to‘yda kuyov va kelin dabdabadan voz kechib, fotiha, idish qaytarish,to‘qqiz tovoq, kuyov chaqirdi,kelin chaqirdi, kuyov jo‘ralarini kutib olish kabi bir qator udumlar o‘tkazilmadi.Shu sababli ushbu to‘yda jami 25 million so‘m sarflangan.To‘ydan ortib qolgan mablag‘ hisobiga kelin va kuyov ikki xonali uy sotib olishdi.

Yosh oilalar ongida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida “Kitob qiz sarposining bezagi” nomli viloyat miqyosidagi aksiya tashkil etilganligini ham alohida qayd etishni istar edim.Unda inson tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan badiiy va tarbiyaviy mazmundagi kitoblar jamlanmasini sovg‘a qilish an’anasi yo‘lga qo‘yildi.

Maromiylik loyihasi asosida o‘tkazilgan to‘y samarasi va taassurotlarini bilish maqsadida Dilfuza Islomova suhbat-roligi tayyorlandi.

Xullas, Surxondaryoda maromiylik loyihasini amalga oshirish maqsadida barcha kuch hamda imkoniyatlarimizni ishga solyapmiz.

Jovli Xushboqov, O‘zA muxbiri.