Har narsada me’yor, marom bo‘lgani yaxshi. Bu yondashuv ayniqsa, to‘y-hasham va turli oilaviy tadbirlarga ham taalluqlidir. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda jamiyatda maromiylik madaniyatini shakllantirish maqsadida “Maromiylik” loyihasini amalga oshirmoqda.
Shu vaqtga qadar loyiha doirasida bajarilgan ishlar hamda ikkinchi bosqichdagi reja va vazifalar haqida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining axborot xizmati rahbari Bahora Ahmedova ma’lumot berdi.
Brifingda e’tirof etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025-yil 14-oktabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalla tizimini yangi bosqichga olib chiqish, aholining ijtimoiy muammolarini tizimli hal qilish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda fuqarolarning ongida islohotlarga daxldorlik va mas’uliyat tuyg‘usini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda so‘nggi yillarda jamiyatda kuzatilayotgan isrofgarchilik, dabdababozlik, shuhratparastlik va me’yorni saqlamaslik kabi salbiy holatlarga barham berish, to‘y va oilaviy marosimlarda ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish orqali “maromiylik” madaniyatini keng targ‘ib etish zarurligi ta’kidlandi.
Ana shu topshiriqlardan kelib chiqib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida jamiyatda maromiylik madaniyatini shakllantirish maqsadida “Maromiylik” loyihasiga start berilgan edi.
Ushbu loyihaning birinchi bosqichida 6 ta hamkor tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan 42 banddan iborat 90 kunlik dastur asosida respublika bo‘ylab 14 ta hududda targ‘ibot tadbirlari, o‘quv seminarlari tashkil qilindi. Xususan, Respublika bo‘ylab 1 ming 156 ta targ‘ibot tadbirlari, 2 ming 514 nafar targ‘ibotchi uchun o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Aholiga ixcham to‘ylar bo‘yicha namunaviy tavsiyalar yetkazildi, mahallalarda doimiy targ‘ibot mexanizmi yo‘lga qo‘yildi va to‘y marosimlarini tartibga solishga qaratilgan maxsus “Daftar” ishlab chiqildi. Turli hududlarda namunali ixcham to‘y marosimlari tashkil qilinib, amalda iqtisodiy va madaniy jihatdan samarali model namoyish etildi. Shuningdek, loyiha doirasida Ishchi guruh tomonidan qadriyatlar zid bo‘lgan marosimlar ro‘yxati shakllantirildi. Ayni masalada aholining fikri, qarash va munosabatini bilish, takliflarini olish va umumlashtirish maqsadida maxsus Telegram-bot ishga tushirildi. Hozirda 24/7 rejimida ishlayotgan mazkur bot orqali jamoatchilik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘lga qo‘yilib, fuqarolarning fikr-mulohazalari o‘rganilyapti. Amaliy takliflari, tavsiyalari hamda e’tirozlari tizimli ravishda yig‘ib borilyapti. O‘z navbatida loyiha doirasida maqolalar tanlovi ham e’lon qilindi va muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Eng sara tahliliy maqolalar to‘plam shaklida chop etiladi.
“Maromiylik” loyihasi doirasida o‘tgan yil davomida hamkor tashkilotlar tomonidan ham qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, masjidlarda maromiylik va tejamkorlik mavzusida mingdan ortiq ma’rifiy suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan masjidlar, jamoat yig‘ilishlari va ma’rifiy uchrashuvlar orqali maromiylik tamoyillari, ortiqcha dabdaba va isrofning salbiy oqibatlari yuzasidan keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borildi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan respublika bo‘ylab 8 ming 695 ta mahallada ishchi guruhlar shakllantirildi, o‘tkazilgan tizimli targ‘ibot tadbirlarida 500 mingdan ortiq fuqaro qamrab olindi.
Ushbu targ‘ibot kampaniyasi, uning har bir jarayonidan keng jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borish maqsadida OAV, xususan, tele va radiokanallar, bosma va elektron nashrlar orqali turli formatlarda axborot taqdim etildi.
Ko‘plab media materiallar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarda o‘n mingdan ortiq postlar joylashtirildi.
2026-yildan loyiha keyingi bosqichga o‘tdi. Birinchi navbatda, ijtimoiy so‘rovnomalar, o‘rganishlar, tahlillar asosida “maromiylik”ning yagona ilmiy-metodik asosi yaratiladi.
Ikkinchi muhim yo‘nalish – hududiy tajriba-sinov modeli. Poytaxtimizning Chilonzor tumani sinov maydoni sifatida belgilanib, to‘ylar, ovqatlanish va iste’mol madaniyati bo‘yicha ixcham amaliy model ishlab chiqiladi. Keyinchalik bu tajriba respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Uchinchi ustuvor yo‘nalish yoshlar bilan ishlashdan iborat. Hozirda oliy ta’lim maskanlarida yoshlar o‘rtasida maromiylik bo‘yicha ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazilmoqda. Maromiylik qadriyatlari bo‘yicha trening va ijodiy yo‘llar orqali yoshlarda hayotiy ko‘nikma shakllantirilishi rejalashtirilmoqda. Loyihaning ikkinchi bosqichida raqamli targ‘ibotdan keng foydalaniladi. Jumladan, realiti formatdagi media mahsulotlar, seriallar, qisqa metrajli filmlar orqali maromiylik ongli va xotirjam hayot modeli sifatida ko‘rsatilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash zarurki, mazkur tashabbus jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish va milliy qadriyatlarimizga asoslangan me’yoriy hayot tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA