English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Marko Polo ko‘prigi: Abadiy tinchlik daryosi ustidagi tarixiy yo‘l
14:57 / 2025-08-31

Sayohat dunyoqarashni kengaytiradi, insonga yangi, hayajonli xotiralar baxsh etadi. Sayohat davomida kishi qadimiy shaharlar, tarixiy yodgorliklar, tabiat manzaralari va turli millatlar madaniyati bilan tanishadi.

Xitoy Xalqaro matbuot markazi (CIPCC) tomonidan tashkil etilgan 2025 yilgi ta’lim loyihasi ishtirokchilari safarning navbatdagi kunida Pekin shahridan janubi-g‘arbda joylashgan Lugoutsyao (Marko Polo ko‘prigi) majmuasiga bordilar.

Qayd etish joiz, mazkur inshootning asosiy qismi Yuan sulolasi hukmronligi davrida qurilgan bo‘lsa-da, ba’zi qismlari ancha avvaldan mavjud edi. Ko‘prikning atalishi mashhur sayyoh Marko Polo nomi bilan bog‘liq. XIII asrda u o‘z tasavvurini shunday ifodalagan: Bunday ajoyib ko‘prikning qiyosi dunyoning boshqa joyida topilmasa kerak.

Ma’lumotga ko‘ra, 1189-1192 yillarda granit toshdan barpo etilgan inshoot bir necha marta ta’mirlangan, 1698 yil qayta qurilgan.

Uzunligi 266,5 metr, kengligi 9,3 metr. Asosiy bezagi – qadimiy sher haykali. Har bir haykalning boshi, panjasi yoki tanasining boshqa qismida mitti sherchalar tasvirlangan.

Ko‘prik ochilgan vaqtdagi 627 haykaldan hozirgi kungacha 482 (ayrim manbalarga ko‘ra 496)tasi saqlangan. Ko‘prik Yundinxe (hozirgi Abadiy tinchlik) daryosi ustidan o‘tadi. Bu go‘zal manzara har yili minglab sayyohlarni chorlaydi.

Polo ko‘prigiga kelganlar Pekin tarixi va Xitoy me’morchiligining boy an’analariga oshno bo‘ladi. Shuning uchun ham bu majmua nafaqat tarixiy yodgorlik, balki turistik markaz sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA

Xitoy, Pekin