English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun masofaviy soliq tekshiruvi o‘tkaziladi
13:11 / 2026-01-20

Raqamli markirovkalash tizimi samaradorligi oshirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu boradagi qonun loyihasi quyi palata majlisida ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, loyiha bilan “masofaviy soliq tekshiruvi” tushunchasiga aniqlik kiritilib, mazkur tekshiruvni o‘tkazish tartibi soddalashtirilmoqda.  

Bundan tashqari, markirovkalash qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini soliq to‘lovchining huzuriga bormasdan, huquqbuzarlik yuzasidan ikki marta ogohlantirish berilganidan so‘ng o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, agar huquqbuzarlik soliq organlarining axborot tizimlari orqali aniqlanib, rasmiy ogohlantirishdan keyin ham davom etsa, masofaviy tekshiruv tashkil etilib, dalolatnoma asosida belgilangan miqdorlarda jarima qo‘llanadi. Tadbirkorlik sub’ekti soliq tekshiruvi haqida 10 kun oldin xabardor qilinadi. Shuningdek, mazkur holat bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonlarini tezkor tashkil etish qonuniy asosda belgilanmoqda.  

Amaliyotda ayrim shaxslar tomonidan markirovkalash qoidalarini chetlab o‘tish orqali noqonuniy daromad olish maqsadida aholiga sifatsiz yoki qalbaki mahsulotlarni, jumladan spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, salqin ichimliklar va boshqa tovarlarni realizatsiya qilish holatlari kuzatilmoqda.  

Ushbu qonun loyihasi aynan shunday huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish hamda insofli soliq to‘lovchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan.

Qonun loyihasida soliq nazoratini amalga oshirishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, huquqbuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan profilaktika mexanizmlari nazarda tutilgan.  

Kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar xufiyona aylanma va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, insofli soliq to‘lovchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Muhtarama Komilova,

O‘zA