Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Marketing mazmundan ustunmi?
16:57 / 2025-09-03

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez uchrayotgan Labubu nomli personaj bolalar, ayniqsa yoshlar orasida ommalashmoqda. Tashqi ko‘rinishida “yoqimli” elementlar aralashgan bo‘lsa-da, chuqurroq tahlil bu obraz ortida xavotirli jihatlarni ochib beradi. Aslida Labubu shunchaki trend emas, u yosh ongga ta’sir etuvchi ommaviy madaniyatni ifodalovchi mahsulotdir.

Labubu o‘yinchog‘i 2015 yilda ilk bor Xitoyda ishlab chiqarilgan. 2019 yilda Pop Mart bilan hamkorlik natijasida keng ommaga tanildi. Bu hamkorlik Labubuning kolletsionerlari orasida ommalashuviga sabab bo‘ldi. 

2025 yilga kelib, Labubu brendi ostida 300 xildan ortiq o‘yinchoqlar ishlab chiqarildi. Ular o‘lchami va narxlar bo‘yicha farqlanib, 3 dyumli figura 15 dollardan, 31 dyumli “mega” qo‘g‘irchoq esa 960 dollargacha narxlanadi. 

Labubu obrazining vizual tahliliga keladigan bo‘lsak, o‘yinchoq bir qarashda yoqimli, ammo biroz qo‘rqinchli ko‘rinishni gavdalantirgan. Uning chaqchaygan ko‘zlari, mayda bo‘yli gavdasi, ochiq tishli tabassumi va hurpaygan junlari uni noan’anaviy obrazga aylantirgan. Bu esa ommaviy madaniyatda “antiqahramonlar” modasiga mos tushadi. 

So‘nggi yillarda “beautiful darkness” ya’ni “chiroyli yomonlik” tushunchasi ijtimoiy tarmoqlarda kuchayib bormoqda. Labubu ana shunday trendlarning mahsuli. Ammo bu estetika, ayniqsa yoshlar va bolalar ongida go‘zallik me’yorlarining o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda. 

Labubu obrazining bu darajada ommalashuviga sabab kuchli marketing strategiyasi. TikTok va instagramda #labubu bilan bog‘liq millionlab videolar, do‘stlik hazillari hattoki makiyaj trendlari orqali bu obraz ommaga singib bormoqda. Bu esa uni shunchaki o‘yinchoq emas, balki noodatiy fenomenga aylantirmoqda. Mazkur fenomen ortidan bolalar psixologiyasi va ota-onalik mas’uliyatiga befarq yondashilayotganini ham ko‘rish mumkin. 

Psixologlarning ta’kidlashicha, 3-10 yosh oralig‘idagi bolalar ko‘rgan va o‘ynagan obrazlaridan ta’sirlanadi. Ularni ideal sifatida qabul qiladi. Labubu kabi g‘ayrioddiy, biroz tajovuzkor va ifodasi qorong‘u personajlar bolalarda xavotir hissini kuchaytirishi, passiv-agressiv xatti-harakatlarga moyillik hissini keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, Labubu orqali yoshlar ongida “Qo‘rqinchli, lekin mashhur” obrazlarga moyillik kuchayadi. Bu esa ijtimoiy ongda zo‘ravonlik, yovuzlik, tajovuzkorlik singari tushunchalarni normal ko‘rinishda qabul qilishiga sabab bo‘ladi.

O‘zbek milliy qadriyatlarida obrazlar, ertaklar va didaktik o‘yinlar bolalarda ijobiy fazilatlarni shakllantirishga xizmat qilgan. Alpomish, Barchinoy, Zumrad kabi obrazlar orqali bolalar jasorat, iymon, mehnat va yaxshi xulq kabi tushunchalarni o‘rganishgan. Labubu obrazining ommalashuvi esa bu qadriyatlar bilan ziddiyatga kiradi. Unda ma’naviy kuch, ezgulik yoki o‘rnak bo‘ladigan xulq yo‘q. Aksincha, uning mashhurligi orqali bolalar ongida “G‘alati bo‘lish – bu mashhur bo‘lishning kaliti” degan noto‘g‘ri xulosa paydo bo‘lishi mumkin.

Labubu singari obrazlar zamonaviy madaniyatda o‘z o‘rnini topgan bo‘lishi mumkin. Ammo ularni har bir kontekstda ayniqsa, bolalar va o‘smirlar dunyosida tanqidiy tahlil qilish zarur. Bu obrazning ular dunyoqarashi va jamiyat qarashlariga salbiy ta’sirini inobatga olgan holda, unga ongli yondashuv zarur. Trendlar keladi va ketadi, ammo ruhiyatda qoldirgan iz abadiy bo‘lishi mumkin.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA