Urganchda Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy binoning ochilish marosimida keng jamoatchilik vakillari, soha mutaxassislari, mahalliy shifokorlar hamda Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Marosimda mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotgani, shu maqsadda yangi binolar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda, shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Azamat Yusupov, Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ko‘palboy Tangriberdiyev hamda Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan “Sog‘liqni saqlash ekspressi — O‘zbekistonga tashrif” loyihasi rahbari Chjan Syaokou so‘zga chiqib, yangi binodan ko‘zlangan maqsad va istiqboldagi rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
– O‘zbekistonda oftalmologiya sohasi keyingi yillarda keskin rivojlanib, aholiga dunyo standartlariga mos ravishda yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilayotganiga guvoh bo‘ldim, – deydi Chjan Syaokou. – Ayniqsa, ushbu sohaning Markaziy Osiyodagi flagmaniga aylanib borayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududlardagi filiallarida yuqori texnologik ilg‘or tashxislash va davolash usullari amaliyotga keng tatbiq etilyapti.
Mehmonlar va tadbir ishtirokchilari zamonaviy tibbiyot talablariga to‘liq javob beradigan mazkur markaz binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
[gallery-25647]
O‘n milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga bunyod etilgan to‘rt qavatli yangi binoning birinchi va ikkinchi qavatlarida joylashgan 100 ta qatnovga mo‘ljallangan maslahat-poliklinika bo‘limi bemorlar murojaati va to‘liq tibbiy tekshiruv o‘tkazish uchun zarur barcha zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.
Uchinchi qavatdagi 50 o‘rinli statsionar bo‘limlarda bemorlarning qulay va xavfsiz sharoitlarda davolanishi uchun barcha infratuzilma yaratilgan.
To‘rtinchi qavatda joylashgan operatsiya bloki esa yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, ko‘z mikroxirurgiyasi sohasida murakkab jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish imkonini beradi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA