Bugun 7 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev olib bordi.
Komissiya yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, majlis kun tartibidan O‘zbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish masalalari o‘rin oldi.
Komissiya a’zolari dastlab saylovni o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdi.
Oldingi saylovlardan farqli o‘laroq, bu safargi saylovda jamoat tartibini saqlash Ichki ishlar vazirligi bilan birga Milliy gvardiya tomonidan amalga oshiriladi.
Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha MSKga taqdimnomalar kiritilgan. Shu asosda Belgiya, BAA, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Hindiston, Chexiya, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlardan jami 156 nafar xalqaro kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Komissiya a’zolari tomonidan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
6 ta mahalliy Ommaviy axborot vositasi tomonidan kelib tushgan murojaatga asosan jami 23 nafar jurnalistlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish ma’qullandi.
Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari jami 1357 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 146 nafarni tashkil etmoqda. Saylovda ishtirok etadigan OAV vakillari soni 1500 nafardan ortdi. Bu esa O‘zbekistondagi saylovlar tarixida rekord natija hisoblanadi.
Majlis davomida 4-Jizzax, 6-Namangan, 13-Qashqadaryo va 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiya raislarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hisobotlari ham tinglandi.
Majlisda kun tartibiga kiritilgan qarorlar ochiq ovoz berish orqali, komissiya a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/t4sQ9isVz7k" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Sherali Otaboyev, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA