Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy saylov komissiyasi raisi Surxondaryoda
17:23 / 2023-06-13

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo saylov okrugi hududida joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy kampaniyaga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo saylov komissiyasi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda komissiya raisi Abdisalom Xo‘jaqulov saylovga ko‘rilayotgan hozirlik jarayonlari, okrug va saylov uchastkalarida yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.    

Viloyatda siyosiy jarayonni milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan demokratik tamoyillar asosida tashkil etish va ochiq, oshkora o‘tkazish uchun 861 saylov uchastkasi faoliyat yuritmoqda. Okrug hududidagi saylov uchastkalariga 9 ming 660 dan ortiq komissiya a’zosi jalb etilgan. Ularning 7 ming 619 nafari referendum va ilgari saylovlarda ishtirok etgan faol fuqarolar bo‘lib, 4 ming 688 nafari xalq ta’limi xodimlari, 2 ming 44 nafari referendum va muqaddam saylovlarda qatnashgan yoshlardir. Saylovni dunyo standartlariga mos o‘tkazish maqsadida komissiya a’zolari uchun o‘quv-seminarlari tashkil etilib, ularning malaka va ko‘nikmalari oshirilmoqda.  

Uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev saylov uchastkalari siyosiy jarayonning eng qaynoq nuqtasi ekanini alohida ta’kidlab, shu yilning 9 iyul kuni saylovchilar barcha sharoitlarga ega ushbu binolarda o‘z xoxish-irodasini erkin ifoda etishi haqida so‘z yuritdi. Saylovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlariga yuqori baho berib, saylov uchastkalarini jihozlash va saylovchilarga zarur qulayliklar yaratishning o‘rni, sektor tizimida tashkil etilayotgan o‘quv-seminarlarning siyosiy kampaniyaga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni yuksak saviyada o‘tkazishdagi ahamiyati to‘g‘risida fikr almashdi. Komissiya a’zolari uchun okrugda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Komissiya a’zolarining sharafli va ayni paytda mas’uliyatli vazifalariga muvaffaqiyat tiladi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA