Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini yuqori saviyada tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisining dastlabki tashrifi “Sho‘rtangazkimyo” majmuasida bo‘ldi.
Zayniddin Nizamxodjayev bu yerda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti va “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasi hamkorligida tashkil etilgan “Gaz-kimyo va energetika” ilg‘or muhandislik maktabi ochilishida ishtirok etdi.
Shundan so‘ng, Markaziy saylov komissiyasi raisi majmua faollar zalida 300 dan ortiq yosh saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda ishtirokchilarga saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovining o‘ziga xos xususiyatlari, ilk bor o‘tkaziladigan aralash saylov tizimi, uning afzalliklari, saylov jarayonlarida o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ishtirok etuvchi kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari haqida keng ma’lumot berildi.
[gallery-19719]
Uchrashuvlarda ishtirokchilar saylov qonunchiligi va jarayonlari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi raisi viloyatga tashrifi davomida viloyat hududiy saylov komissiyasi faoliyati bilan ham tanishib, komissiya a’zolari hamda hududiy matbuot markazi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Hududiy saylov komissiyasi a’zolari bilan bo‘lgan suhbat davomida saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ayni kunlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlandiki, viloyatda saylovlarni qonunchilik talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq holda o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu maqsadda viloyat hududiy saylov komissiyasi, shuningdek, 2 ta shahar va 14 tuman, 60 ta okrug hamda 1038 ta uchastka saylov komissiyalari tomonidan tayyorgarlik ishlari uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda. Saylov jarayonlarini milliy saylov qonunchiligiga mos tarzda, bahamjihat tashkil etish uchun saylov komissiyalari a’zolari hamda saylov ishtirokchilarining bilimi va ko‘nikmasini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, bir necha bosqichda o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbiri