O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev Namangan viloyatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkaziladigan saylovga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.
Markaziy saylov komissiyasi rahbari Namangan shahridagi “Turan” xalqaro universitetida uchastka saylov komissiyalari raisi, o‘rinbosari va kotiblari malakasini oshirish uchun bo‘lib o‘tayotgan o‘quv seminari va unda saylovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish yuzasidan o‘qitishga doir jarayonlarning borishini kuzatdi.
Hududiy trenerlar va tinglovchilar bilan o‘tgan muloqotlar davomida Zayniddin Nizomxo‘jayev joriy yilning 27 oktyabr sanasiga belgilangan, mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayon - saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni yuqori saviyada tashkil etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunchiligimizga kiritilgan saylovlarga doir o‘zgarishlar mohiyatini keng targ‘ib qilish lozimligini alohida ta’kidladi.
[gallery-19310]
Zayniddin Nizomxo‘jayev Davlatobod tumanidagi Madaniyat markazida nuroniylar, mahalla faollari hamda birinchi marta saylovda ishtirok etayotgan yoshlar bilan uchrashdi. Tadbirda mustaqil yurtimiz tarixida ilk bor saylov bilan bog‘liq barcha huquqiy me’yorlarni o‘z ichiga qamrab olgan yaxlit qonun hujjati – O‘zbekiston Respublikasining Saylov Kodeksi qabul qilingani, mazkur hujjatga asosan Oliy Majlis quyi palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali ochiq va oshkora o‘tkazilishi haqida so‘z yuritildi.
Bundan tashqari, uchrashuvda majoritar-proporsional saylov tizimining o‘ziga xos jihatlari, bir vaqtda ham majoritar ham proporsional saylov tizimini o‘zida jamlagan tizim esa – aralash saylov tizimi deb yuritilishi, aralash saylov tizimi jamiyatda saylovchilarning huquqiy ongini yuksaltirishi, ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirishi yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Uchrashuvda nuroniylar siyosiy jarayonlar xususida fikr-mulohazalarini bildirar ekan, saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlarga, xususan, parlamentni shakllantirishning yangi zamonaviy tizimi yo‘lga qo‘yilganiga ijobiy baho berdi.
Muloqot yakunida namanganlik faol yoshlarga badiiy kitoblar sovg‘a qilindi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev Davlatobod tumani hududida joylashgan Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasi binosida ham bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Komissiya a’zolari va matbuot markazi vakillari bilan suhbatlashdi va ularga yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.