Markaziy saylov komissiyasi huzurida “Call-center” ishga tushirildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu muhim siyosiy jarayon haqida saylovchilarning xabardorligini oshirish hamda ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishlarini tashkil etish muhim hisoblanadi.
Shu bois saylov kampaniyasi davrida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari samarali ko‘rib chiqilishini, shuningdek, fuqarolarga saylovga oid masalalar yuzasidan tezkor va qulay tarzda huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilishini tashkil etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi huzurida “Call-center” ishga tushirildi.
Saylovchilar “Call-center” orqali saylov jarayonlariga oid o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishi hamda murojaatlarini yo‘llashi mumkin. Buning uchun “Call-center”ning 1200 qisqa raqamiga bepul tarzda qo‘ng‘iroq qilish kifoya. “Call-center”ga malakali mutaxassislar, huquqshunoslar jalb etilgan bo‘lib, ular muntazam ravishda saylovchilarga javob berib boradi.
M.Komilova, O‘zA