French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyoni yagona makonga aylantirish – ustuvor maqsad
15:05 / 2025-11-14

Bugun jahonda kechayotgan beqaror geosiyosiy vaziyat, iqlim inqirozi, oziq-ovqat va energiya xavfsizligiga doir global xatarlar sharoitida har bir mintaqaning ichki birdamligi va tashqi hamkorligi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, ayniqsa, davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaqinlashuv tendensiyasi kuchayishi butun mintaqa kelajagi uchun strategik yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shunday bir pallada Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy siyosatning yangi bosqichiga aylanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 13 noyabr kuni “Yangi O‘zbekiston” gazetasida chop etilgan maqolasi aynan shu muhim uchrashuv arafasida Markaziy Osiyo hududida yangilanib borayotgan siyosiy muhit, yaqin hamkorlik va birdamlik tendensiyalariga yana bir bor chuqur baho berdi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo bugun o‘z taraqqiyotining “yangi, tarixiy ahamiyatga ega bosqichi”ga kirib kelmoqda. Bugun davlatlar o‘rtasida chinakam ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmatga asoslangan yangi diplomatik standart shakllanmoqda. Bu jarayonning poydevori esa 2017 yildan boshlab O‘zbekiston tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan doimiy siyosiy muloqot mexanizmi, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ekanligi shubhasiz.

Mazkur platforma zamiridagi eng muhim jihat – davlatlarning ochiq mulohaza va strategik masalalarga nisbatan umumiy yondashuvlarni tashqi vositachilarsiz ishlab chiqish imkonini yaratgan siyosiy muhitdir. Mintaqaviy diplomatiya tarixida shakllangan ilk bunday darajadagi ishonch va hamjihatlik formati Markaziy Osiyoni barqaror rivojlanish modeliga aylantirishga beqiyos hissa qo‘shadi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro hamjamiyat tomonidan barqarorlik va bunyodkorlik makoni sifatida e’tirof etilmoqda. Bu jarayon markazida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik siyosati, pragmatik diplomatiyasi va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qat’iy irodasi turibdi.

Prezident maqolasida alohida ta’kidlangan yana bir muhim jihat mintaqaning demografik salohiyati, ya’ni yoshlar, innovatsiya va inson kapitalini kelgusi taraqqiyotning asosiy drayveriga aylantirish zaruratidir. Shu bilan birga hamkorlikning suverenitet va teng huquqlilik tamoyiliga to‘liq tayanishi – Markaziy Osiyo davlatlari o‘z yo‘lini mustaqil ravishda belgilayotganini ko‘rsatadi.

Shavkat Mirziyoyevning “Biz devor emas, ko‘prik barpo etmoqdamiz” degan fikri bugungi siyosiy jarayonning mohiyati, mintaqaviy aloqalarning yangi darajadagi mazmun-mohiyatini yorqin ifoda etadi.

15-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi mavjud strategik hamjihatlikni yanada chuqurlashtirishda muhim bosqich bo‘lishi shubhasiz. Mazkur anjuman nafaqat siyosiy masalalar, balki iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, ekologiya va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda ham aniq hamkorlik mexanizmini belgilab berishi kutilyapti.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyoni yagona tinchlik, farovonlik va taraqqiyot makoniga aylantirish – bugungi kunning eng ustuvor vazifasi. Mintaqaviy birdamlik faqat uchrashuvlar emas, balki amaliy natijalar bilan mustahkamlanmoqda. Ayni jarayon butun mintaqaning kelajagi, xalqlarimiz manfaati va global barqarorlik uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Toshkent sammiti esa Markaziy Osiyodagi o‘zaro ishonch, hamjihatlik va umumiy kelajakka xizmat qiladigan yangi, mustahkam poydevorni yaratadi.

Habibullo Sadibaqosev,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik

akademiyasi birinchi prorektori