So‘z – ekspertlarga
O‘zbekistonda bugungi kunda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 37 ta axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan kompaniya faoliyat yuritmoqda. Xuddi shunday bizning yirik kompaniyalarimiz ham Qozog‘iston bozoriga kirib bormoqda, bu degani – Markaziy Osiyo birgalikda uchinchi, ya’ni xalqaro bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Mamlakatlarimiz raqamlashtirish sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirmoqda, jumladan, qo‘shma IT mahsulotlari yaratilayotgani muhim ahamiyatga ega.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amaliy tashrifi chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari birgalikda “AlmatyFair.ai” raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. Yetakchilar Markaziy Osiyodagi eng yirik texnoparklar birlashmasi – “Central Asian Innovation Hubs” ("Astana Hub" va "IT Park Uzbekistan") faoliyati bilan ham tanishdi.
Bu kabi qo‘shma loyihalar mamlakatlarimiz yoshlarini birlashtiradi. Ular yirik startap loyihalarni ishlab chiqib, o‘z salohiyatini jahon bozoriga namoyish qilish imkoniyatini qo‘lga kiritishi quvonarli.
Ikki mamlakat tegishli vazirliklari rahbarlari bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlab, shunday deydi:
Jaslan MADIEV, Qozog‘iston Respublikasi raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri:
– Mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyat mavjud. Bugungi kunda axborot texnologiyalari parklarimiz faol hamkorlik qilmoqda, jumladan, xalqaro ko‘rgazmalarda birgalikda ishtirok etyapmiz. Startaplar – sun’iy intellekt sohasidagi loyihalarni hamjihatlikda nafaqat mintaqa doirasida, balki mitaqadan tashqarida ham ilgari suryapmiz.
Pirovard maqsadlarimizdan biri – O‘zbekiston bilan hamkorlikda startaplarimizni global bozorga olib chiqish. Chunki kompaniyalarimizni birlashtirsak, bizda startaplarni keng miqyosda, yanada sifatli tarzda sinovdan o‘tkazish va jahon miqyosiga olib chiqish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Ko‘rib turibmizki, O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishdagi ishlari jadal rivojlanmoqda. Raqamlashtirishga, xorijiy kompaniyalarni jalb qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatingiz IT-Park rezidentlarining soni ortib bormoqda, eksport tushumlari ham oshyapti. Bu, albatta, ajoyib ko‘rsatkich hisoblanadi.
Sherzod SHERMATOV, O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri:
– O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlarining do‘stona munosabatlari xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlikka, kompaniyalarimiz faoliyati rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Masalan, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan kompaniyalarimiz hamkorligi tez sur’atlarda faollashib, birgalikda ishlash imkoniyati kengaymoqda.
Ikki mamlakat IT-parklari birlashib, yangi startaplarni yo‘lga qo‘yayotgani Markaziy Osiyoni uchinchi davlatga namoyish etish imkoniyatini yuzaga chiqarmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston IT-Park va Ostona-Hab kompaniyalari birgalikda AQSH, Yevropa, Arab va Osiyo davlatlarida o‘tayotgan eng yirik forumlarda ishtirok etmoqda. Natijada jahonning mashhur kompaniyalari mintaqamizga qiziqib, tashrif buyurmoqda, o‘z ofislarini ochmoqda.
Umuman, chet el kompaniyalari O‘zbekistonga keladimi, Qozog‘istonga keladimi farqi yo‘q: Markaziy Osiyo hududiga keldimi, demak yoshlarimiz uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi, ular salohiyatini ko‘rsatishga imkon paydo bo‘ladi.
Ta’kidlamoqchimanki, ikki mamlakat ishtirokidagi kompaniyalar soni ortib bormoqda. Jumladan, Qozog‘iston kapitalidagi 37 ta kompaniya O‘zbekistonda ofisini ochdi. Shuningdek, bizning yirik kompaniyalarimiz ham Qozog‘iston bozoriga kirib bormoqda, bu degani – biz birgalikda uchinchi, ya’ni xalqaro bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz.
Davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabat nafaqat vazirlik yoki axborot texnologiyalari parklari darajasida, balki kompaniyalar darajasidagi o‘zaro hamkorlik, hamjihatlikning yangi qirralarini ochib bermoqda.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri