Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyodagi eng yirik agrar universitet o‘z faoliyatini takomillashtirmoqda
19:00 / 2021-10-27

O‘zbekistonda agrar sektor uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash bilan qator oliy ta’lim muassasalari shug‘ullanadi, shu jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti (TDAU) ular orasida yetakchi oliygohlardan hisoblanadi.

bugungi kunda qariyb 11 ming talaba tahsil olayotgan Markaziy Osiyoning eng yirik agrar universiteti – TDAU hududi taxminan 30 gektar maydonni tashkil etadi. Bu yerda 8 ta yotoqxona, o‘quv, laboratoriya va ma’muriyat binolari, oshxona hamda yirik sport majmuasi mavjud.

Joriy yilning oktyabr boshidan boshlab, TDAU dagi o‘quv-ta’lim, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’muriy jarayonlarni takomillashtirish ishlariga mahalliy va horijiy ekspertlar taklif etilgan bo‘lib, ularning oldiga ta’limning barcha jarayonlarini to‘liq optimallashtirish vazifasi yuklatildi.

Mutaxassislar tomonidan sohani rivojlantirish yuzasidan talabalarning amaliyotlarini yetakchi agrokorxonalarda va ilmiy-tadqiqot markazlarida o‘tash tizimi yo‘lga qo‘yiladi, talabalar va o‘qituvchilarning horijda malaka oshirishiga hamda ta’lim sohasida zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Universitet o‘zini-o‘zi boshqarish va moliyalashtirish tizimiga o‘tadi, shuningdek, ta’lim sifatini tekshirish jarayonini rivojlantirish, universitetning raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha aniq strategiyalar ishlab chiqiladi.

Yirik agroklasterlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ular dastlabki bosqichda 4 ta dolzarb mavzu bo‘yicha mahorat darslarida ishtirok etadi.

Vazirlik tizimidagi 5 ta oliy ta’lim muassasalari, 13 ta ilmiy-tadqiqot institutlari hamda 18 ta texnikumlarning o‘quv va ilmiy adabiyotlarini Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi yagona elektron ma’lumotlar bazasiga birlashtirish bo‘yicha raqamli “Axborot-resurs markazi”ning loyihasi ishlab chiqildi.

O‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etish maqsadida muassasasining bir nechta ma’ruza zallariga interaktiv elektron minbarlar, zamonaviy LED-monitorlar o‘rnatildi.

Universitet binolaridagi 52 ta o‘quv auditoriyalari va 3 ta ilmiy laboratoriyalar holati texnik ekspertlar tomonidan tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, Jahon banki va Yevropa Ittifoqi hamkorligi doirasida amalga oshiriladigan qiymati 2 million dollariga teng “markazlashgan modul laboratoriyalar” loyihasi amaliyotga tatbiq etish uchun tayyorlanmoqda. Mazkur laboratoriyalar professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayoni chog‘ida foydalanishi hamda qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlarga amaliy xizmat ko‘rsatishi uchun mo‘ljallangan.

Joriy yil yakuniga qadar qiymati 2,6 million dollarga teng bo‘lgan zamonaviy “Ekofiziologik tadqiqotlar” ilmiy laboratoriyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar 2 million dollarga teng bo‘lgan laboratoriya jihozlari olib kelindi.

Infratuzilma va kommunal sharoitlarni yaxshilash borasida TDAUning o‘quv, ma’muriyat binolari hamda talabalar turar joylarini uzluksiz isitish va issiq suvni ta’minlash uchun 7 ta zamonaviy qozonxona va 4 ta yer ostidan suv chiqarish inshootini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli ekspertizadan o‘tkazildi va qurilish ishlarini boshlashga faol ravishda tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Yil oxiriga qadar talabalar turar joylarida qo‘shimcha 400 o‘rinni yaratish rejalashtirilgan. Keyingi o‘quv yiligacha, foydalanishdan chiqqan binolar o‘rnida 800 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy 2 ta talabalar turar joylarini qurish ko‘zda tutilgan.

– Bular faqat yaqin kelajakdagina TDAUni kutayotgan dastlabki o‘zgarishlar xolos, – dedi qishloq xo‘jaligi vaziri va TDAU rektori Jamshid Xo‘jayev. – Oliygohda boshlangan islohotlar va yangiliklar talabalar hamda pedagoglarning o‘quv jarayoniga bo‘lgan qiziqishini oshirishiga, va albatta, ta’lim sifati darajasiga o‘z ta’sirini o‘tkazishiga ishonamiz. Bularning barchasi ilm-fan va texnologiyalar asosida, yer va suv resurslaridan oqilona hamda samarali foydalangan holda qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan agrar sohaning yangi mutaxassislari paydo bo‘lishi uchun asos bo‘lishi zarur. Bu aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun haqiqatan ham muhim va kerakli bo‘lgan masaladir.


Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri