Davlatimiz rahbarining 2025 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bu yilgi eng ulug‘ va eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami tantanalari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etishi bilan diqqatga sazovor.
Mazkur qarorda qisqa muddatda mamlakatimiz iqtisodiyoti shiddat bilan o‘sib, yalpi ichki mahsulotimiz hajmi tarixda birinchi marta 110 milliard AQSH dollaridan oshgani, “yashil” va innovatsion iqtisodiyotga o‘tish, muqobil energiya manbalarini yaratish bo‘yicha ulkan dastur va loyihalar amalga oshirilayotgani alohida e’tirof etilgan.

Darhaqiqat, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini namoyish etishda barpo etilayotgan yangidan-yangi ishlab chiqarish quvvatlari muhim o‘rin egallaydi. O‘zimizning qorako‘z yigit-qizlar mehnat qilayotgan ushbu korxonalar bugungi kunda Vatanimiz taraqqiyoti, xalq farovonligi, millat ravnaqi uchun xizmat qilmoqda.
Milliy iqtisodiyot va sanoat taraqqiyotida mahalliylashtirishni rivojlantirish hozirgi shiddatli davrning muhim va ajralmas talabi sanaladi.
Bugun Yangi O‘zbekiston rivojlanishning o‘ziga xos yangi bosqichida har tomonlama taraqqiyotga intilmoqda. Ayniqsa, iqtisodiyot sohasida izchil islohotlar, xususan, mahalliylashtirish yo‘nalishida tizimli chora-tadbirlar, yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Bu borada mamlakatimizda energetik barqarorlik sari dadil qadamlar tashlanmoqda. Xususan, gidroenergetika tarmog‘ini rivojlantirishda xorijiy tajribani o‘zlashtirish, yuqori darajadagi zamonaviy texnologiyalarni izchil tatbiq etish orqali mahalliylashtirish doirasida ishlab chiqarish ko‘lamini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashkil topganining 8 yillik qisqa davri mobaynida mamlakatimiz gidroenergetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hajmini oshirishda qator muhim yutuqlarga erishdi.
Istiqbolli investitsiyaviy loyihalarning hayotga izchil tatbiq etilishi, yangi GESlar qurilishi va mavjud stansiyalarni modernizatsiyalash natijasida qariyb 430 MVt hajmdagi gidroenergetik quvvat manbai yaratilib, amaldagi ishlab chiqarish quvvatlari hajmi 2,3 GVt ga yetkazildi.

Endilikda, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘zlashtirgan holda, mahalliylashtirish doirasida qurilayotgan yangi GESlar uchun muhim texnologik jihozlar – gidroagregatlar, shuningdek, zaruriy ehtiyot-qismlar, jihozlar, asbob-uskunalarni ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratmoqda.
Ana shu ustuvor maqsad yo‘lida loyihaviy qiymati 27 million dollarga teng “UzHydroPower” qo‘shma korxonasi tashkil qilindi. O‘z ishlab chiqarish ko‘lamiga ko‘ra, ushbu yirik zavod gidroenergetika tarmog‘i uchun zarur bo‘lgan gidroagregatlarni ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, O‘zbekiston jahondagi ana shunday dolzarb ahamiyatga molik zavod mavjud 10 ta davlat qatoriga kiradi.

Gidroagregatlar va zaruriy ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bu kabi zavodlar jahon kesimida sanoqli hisoblanadi.
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan OAV vakillari hamda jurnalistlar uchun “UzHydroPower” zavodiga press-tur tashkil etildi.
Press-tur ishtirokchilari “UzHydroPower” zavodining mas’ul rahbar-xodimlari hamda muhandislari hamrohligida ushbu muhim ob’ekt haqida zaruriy ma’lumotlar va axborotlarga ega bo‘ldilar. Zavoddagi sexlar faoliyati, zamonaviy asbob-uskunalar, ilg‘or texnologiyalar, ishlab chiqarilayotgan ehtiyot qismlar bilan yaqindan tanishdilar.

Bugungi kunda uncha katta bo‘lmagan, ixcham gidroelektrostansiyalar barpo etish aholini elektr energiyasi bilan to‘laqonli ta’minlashda muhim sanaladi. “UzHydroPower” zavodi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan bo‘lib, hududi qariyb 5 gektar maydonga teng.
Zavodda “Made in Uzbekistan” milliy brendi asosida quvvati 1 kVtdan 40 MVt gacha gidroagregatlar, turbina va generatorlar, respublikada avval ishlab chiqarilmagan 14 turdagi har xil quvvatdagi suv-nasos agregatlari, GES va suv omborlari gidrotexnik inshootlari uchun turli o‘lchamdagi metall konstruksiyalar ishlab chiqariladi.
Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar va butlovchi qismlar ishlab chiqarilib, mahalliy kontent kamida 72 foizni tashkil etadi.
Eng e’tiborli va muhim tomoni, ishlab chiqariladigan gidroagregatlar narxi avvallari shu kungacha import qilingan davlatlar – Xitoydan 12 foizga, Rossiyadan 27 foizga arzon bo‘ladi. Shu bilan birga, mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasi natijasida import hajmi keskin qisqaradi. 2026 yildan e’tiboran qo‘shni davlatlarga gidroenergetika tarmog‘i doirasidagi milliy mahsulotlarni eksport qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Zavodning texnik bo‘limi rahbari Bahodir Nazarovning aytishicha, mazkur korxonada kichik gidroelektrostansiyalarning loyihasi yaratilib, unga zarur bo‘ladigan barcha uskuna va texnikalar shu yerning o‘zida tayyorlanadi. Shu kungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo viloyatida ana shunday ixcham gidroelektrostansiyalardan o‘nga yaqini ishga tushirilgani e’tiborga molik.
Zavodda 255 dan ortiq ishchi o‘rni mavjud bo‘lib, shundan 40 foizini malakali xotin-qizlar bilan to‘ldirish jarayoni amalga oshirilmoqda. Kelgusida ishchi o‘rinlari soni 350 taga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
– Korxonamizda metallga ishlov berish sohasidagi mutaxassislar, tokar-frezerovkachilar, yuqori aniqlikda ishlovchi zamonaviy dastgohlarni boshqaruvchi operatorlar, kran-mashinistlari, loyihalovchi-konstruktorlar, muhandislar, texnik xodimlar mehnat qilishadi, – dedi “UzHydroPower” zavodi direktorining texnik masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Fozilov. – Bu kadrlarni “ustoz-shogird” an’anasi asosida tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Zavodda mavjud 5 ta sexda 80 ga yaqin zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan. 2024 yilda 7 nafar mutaxassis “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Xitoyning yirik “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd” kompaniyasining ishlab chiqarish bazasida tashkil qilingan o‘quv kurslarida ishtirok etdi. Asosiy texnologiyalarni boshqarish va nazorat qilish maqsadida zavodning 60 nafar mutaxassis-xodimlarini xorijda o‘qitish rejalashtirilgan.
– Kran boshqarishni o‘rganganimga besh oy bo‘ldi, – dedi Gulnoza Fayziboyeva. – Korxonada ishchi-xodimlarning samarali mehnat qilishi, dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Darhaqiqat, bu yerda ishchilar uchun uch mahal bepul ovqat, olis hududlardan kelib ishlayotgan xodimlar uchun maxsus yotoqxona tashkil etilgani e’tiborga molik.
Press-tur doirasida, shuningdek, OAV vakillari “O‘rta Chirchiq GESlar kaskadi” filiali tarkibidagi ob’ektlar – xususan, “Chorvoq” suv ombori yonida joylashgan “Chorbog‘” GESga tashrif buyurdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri