_
-2030 yilgacha 700 milliondan ortiq kishi suv tanqisligi tufayli o‘zlari yashab turgan hududlarini tark etishga majbur bo‘lishi mumkin.
-2040 yilga borib 17 ta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston ekstremal suv tanqisligi sharoitida yashashga majbur bo‘ladi.
-O‘zbekistonda suvning 90 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligiga ishlatiladi, ammo har yili 40 foizgacha suv bekor isrof bo‘ladi.
-Suv diplomatiyasini olib borish, suv resurslari bo‘yicha ochiq va manfaatli kelishuvlar tuzish lozim.
Bugungi kunda butun Yer sayyorasida suv tanqisligi muammosi keskinlashib, insoniyat hayotiga katta xavf tug‘dirmoqda. Mutaxassislar, olimlar suv yetishmovchiligining xavfli oqibatlari haqida tez-tez ogohlantirishmoqda.

Yurtimizda ham suv muammosi eng dolzarblashib borayotgan masalalardan. Bu borada «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham bir qator muhim vazifalar ko‘zda tutilgan. Jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, bunda qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvlarni hisobga olish va monitoring qilish tizimini takomillashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, tuproq qoplamali kanallarni beton qoplamaga o‘tkazish hamda yopiq quvurli sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish orqali irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti ko‘rsatkichini 0,68 gacha yetkazish kabi bir qator muhim maqsad va vazifalar o‘z aksini topgan.

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi Alisher Xudoyberdiyev suv tanqisligining yuzaga kelishi va buning oldini olish choralari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Suv tanqisligi, chuchuk suvning kamayib ketayotgani global ekologik muammolardan biridir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilgacha 700 milliondan ortiq kishi suv tanqisligi tufayli o‘zlari yashab turgan hududlarini tark etishga majbur bo‘lishi mumkin. World Resources Institute tadqiqot markazi taxminlariga ko‘ra, 2040 yilga borib 17 ta mamlakat, jumladan, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika mamlakatlari, Hindiston, Pokiston va O‘zbekiston ekstremal suv tanqisligi sharoitida yashashga majbur bo‘ladi.
Markaziy Osiyo suv yetishmovchiligining tanqidiy bosqichiga kirib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi, aholi o‘sishi va davlatlar o‘rtasidagi suv masalasi bo‘yicha koordinatsiyaning yetishmasligi sababli butun mintaqani 5-10 yil ichida katta suv inqirozi kutib turibdi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida suv inqirozi tahdidi ostiga tushuvchi davlatlar orasida eng zaifi hisoblanadi. Bu vaziyat O‘zbekiston uchun o‘ta xavfliligining sababi 80 foiz suv bizga “tashqaridan” keladi. Ya’ni, O‘zbekiston suvning asosiy qismini oluvchi Amudaryo va Sirdaryo daryolari Qirg‘iziston va Tojikistondan boshlanadi. U yerdagi har qanday o‘zgarish biz uchun xavf tug‘diradi.
Hammamizga ma’lumki, daryolarda yildan-yilga suv kamayib boryapti. Iqlim tobora isib borishi tufayli suvning asosiy manbasi bo‘lgan muzliklar tez sur’atda eriyapti. 2035 yilga kelib, suv oqimining keskin kamayishi kutilmoqda. Qurg‘oqchilik esa tobora ko‘paymoqda va uzoq davom etmoqda.
O‘zbekistonda suvning 90 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligiga ishlatiladi. Ammo har yili 40 foizgacha suv uning noto‘g‘ri oqishi, suv bug‘lanishi va suvning noto‘g‘ri taqsimot qilinishi sababli bekor isrof bo‘ladi. Shu bois ham mamlakatimizda irrigatsiya tizimlari holatini yaxshilash, ariq va kanallarni betonlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yana bir omil — shaharlarning ko‘payishi va kattalashishi tufayli ham suvga bo‘lgan talab ortib boryapti. Toshkent, Samarqand, Namangan kabi yirik shaharlar yil sayin ko‘proq suv talab qilmoqda. Suvni yetkazib beradigan mavjud infratuzilma esa yetarli emas.
Suv tanqisligi bilan kurashish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan. Xo‘sh, bu borada nimalar qilishimiz kerak? Avvalo, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish lozim. Tomchilab sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish, suvni tejaydigan texnologiyalardan keng foydalanish va suvni ko‘p talab qiluvchi ekinlardan voz kechish kerak. Shuningdek, suv diplomatiyasini olib borish, xususan, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan suv resurslari bo‘yicha yangi, ochiq va manfaatli kelishuvlar tuzishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Bu suv xavfsizligining kalitidir.
Bundan tashqari, suvni tejash bo‘yicha yangi infratuzilmani qurish vaqti keldi. Ya’ni, suvni saqlash, yo‘qotishni kamaytirish, yomg‘ir suvini to‘plash va uni qayta ishlash kabi tizimlarni joriy etish lozim.
Eng muhim omillardan biri esa aholida ekologik madaniyatni, jamoaviy ongni yuksaltirish kerak. Suvni ehtiyotkorlik bilan, tejamkorona va isrof qilmasdan ishlatish madaniyatini oiladan, maktabdan va mahalladan boshlab shakllantirish kerak.
Muhtarama Komilova,
O‘zA