Bugun Toshkent shahrida “Yevropa jamoasi” tashabbusi doirasida moliyalashtirilayotgan “Suv, energiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha” mintaqaviy loyiha boshqaruv qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston, Yevropa Komissiyasi, YeI a’zo davlatlar hamda xalqaro institutlar mas’ullari, mutaxassislar ishtirok etdi.
Unda suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov, Yevropa Komissiyasi Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘limi rahbari Sharlotta Adrian va boshqalar so‘zga chiqib, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Global darvoza (Global Gateway) strategiyasi doirasida suv, energiya va iqlim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga keng urg‘u berdi.
Ta’kidlanganidek, Global darvoza - Yevropa Ittifoqining tashqi investitsiya strategiyasi bo‘lib, energiya, raqamli texnologiya va transport sohalarida aqlli, toza va xavfsiz aloqa tizimini barpo etish hamda hamkor mamlakatlarda sog‘liqni saqlash, ta’lim va tadqiqot tizimlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Global darvoza strategiyasi Yevropa Ittifoqi, a’zo davlatlar, Yevropa moliyaviy institutlari va milliy rivojlanish moliyalashtirish institutlari resurslarini birlashtiruvchi "Yevropa jamoasi" tamoyili asosida amalga oshiriladi. Markaziy Osiyoda suv, energiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha "Yevropa jamoasi" tashabbusi Yevropa Ittifoqining Global darvoza doirasida asosiy tashabbus sifatida tashkil etilgan bo‘lib, mintaqadagi dolzarb masalalarni yechishda ko‘maklashadi.
[gallery-26404]
–Mintaqamizda suvning kamayishi, energiyaga bo‘lgan talabning ortishi va iqlim o‘zgarishi sharoitida qo‘shni davlatlar bilan mintaqaviy hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Masalan, transchegaraviy manbalardan samarali foydalanish maqsadida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hamkorligida Qirg‘izistonning “To‘xtag‘ul” suv omboridan samarali foydalanish choralari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston o‘rtasida har yili imzolanadigan bayonnomalar orqali Tojikistonning “Bahri tojik” suv ombori suvlaridan samarali foydalanish va vegetatsiya mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish ta’minlanmoqda.
Bugungi yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi bilan kelgusidagi hamkorlik rejalari ham muhokama qilindi. Hozirgi kunda YeI tomonidan sohaga investitsiya mablag‘lari jalb etilmoqda, – dedi Z.Ishpo‘latov.
Yevropa Komissiyasi Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘limi rahbari Sharlotta Adrian mintaqaviy hamkorlikning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
–Suv, energiya va iqlim o‘zgarishi o‘rtasidagi bog‘liqlik Markaziy Osiyoning barqaror kelajagi asosidir. “Yevropa jamoasi” tashabbusi asosida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va moliyaviy institutlar hamkorlik qilyapti. Jumladan, tomonlar “Qambarota” va “Rog‘un GES” loyihalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Mazkur muloqotda tomonlar kelgusi rejalarni ko‘rib chiqdi, – dedi Sharlotta Adrian.
Yig‘ilish yakunida tomonlar suv, energiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘zaro bog‘liq masalalarda hamkorlikni kengaytirish, loyihalarni muvofiqlashtirish hamda resurslarni safarbar etish bo‘yicha kelishib oldi. Shuningdek, “Yevropa jamoasi” tashabbusi doirasida tuzilgan ishchi guruhning vazifalari va keyingi amaliy qadamlari muhokama etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA