Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyoda Navro‘z shukuhi
21:03 / 2022-03-21

Ona diyorimizga barchamiz orziqib kutgan – Navro‘zi olam kirib keldi.

Uyg‘onish va yangilanish, qut-baraka elchisi shukuhidan dillarimiz yayrayotgani ayni haqiqat.

Navro‘z – borliqdagi uyg‘onish, yangilanish va yasharish, ozod va obod Vatanimiz uchun boqiy bayram, qut-baraka, to‘kinlik, mehr-oqibat ramzi. Navro‘z mamlakatimizda umumxalq bayrami, umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanmoqda.

Doshqozonlarlarda sumalak, palov va boshqa milliy taomlar tayyorlanib, elga ulashilyapti. Viloyat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, mahallalarda ayyom bilan bog‘liq urf-odat, an’analar, milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Dorbozlar chiqishi, milliy va xalq o‘yinlari namoyish etilmoqda.

Tojikistonning “ASIA-Plus” nashrida chop etilgan Markaziy Osiyoda ulug‘ ayyom nishonlanayotgani, bayram shukuhi kezpyotgani, butun mintaqada fuqarolar Navro‘zni yuqori kayfiyatda kutib olayotgani to‘g‘risidagi maqolada turli mamlakatlarda Navro‘z bilan bog‘liq ko‘p urf-odatlar o‘xshash ekani, shu bilan birga har bir xalqning bahorgi teng kunlikni nishonlashida o‘ziga xos xususiyati borligiga e’tibor qaratadi.

Navro‘z YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2010 yil fevral oyida BMT Bosh Assambleyasi 64-sessiyasida 21 mart – Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qilingan.

Ushbu bahor ayyomi Tojikiston, Eron, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Albaniya, Afg‘oniston, Gruziya, Hindiston, Makedoniya, Turkiya kabi mamlakatlarda davlat bayrami sifatida nishonlanadi. Tatariston, Boshqirdiston va Shimoliy Kavkazda mahalliy tadbir darajasida e’tirof etiladi.

Tojikistonda Navro‘z 21 martdan katta tantana bilan qarshi olinadi. Bayram kunlari respublika bo‘ylab sayil, o‘yin, kurash, ot poygasi va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.

Odatga ko‘ra, mamlakatda Navro‘z kelishidan avval uy-joy, yon-atrof toza-ozoda tutiladi, an’anaviy marosim yettita “sin” va “shin” (fors alifbosining “s” va “sh” harflari) bilan boshlanadigan taom, o‘simlik va boshqa yeguliklar yig‘ishdan iborat.

– Eng mashhur bayram taomi – sumalak, bug‘doyning unib chiqqan urug‘idan tayyorlangan taom. Navro‘z qo‘shni O‘zbekistonda ham shunday keng nishonlanadi, – deyiladi “ASIA-Plus” nashrida.

Qozog‘istonda bayramona taom yetti masalliqdan iborat “naurыz koje” hisoblanadi. Asosan, Rossiyaning chegara viloyatlarida, tutash hududlarda yashovchi qozoqlar uchun Navro‘z 14 martda boshlanib, “amal” (Hamal oyi nomidan kelib chiqqan) deb ataladi.

Mamlakatda har bir kishi ikki qo‘l bilan salomlashib, “Jil qutti bolsun!” deyishi odat hisoblanadi. Bayramda qozoqlar “nevruz – kyojo” taomini tayyorlaydi. Maxsus bo‘tqa va osh ham pishiriladi, qo‘shnilarga ulashiladi.

Qirg‘izistonda ham Navro‘z bayrami xuddi shunday nishonlanadi.

Turkmanistonda esa bayram kuni palov pishiriladi. Shodiyona kuni qancha ko‘p ovqat tayyorlansa, yil shunchalik mo‘l-ko‘l keladi, deya ishonishadi. Navro‘zda “semeni” tayyorlash ham odat tusiga kirgan. Un, suv va shakardan tayyorlanadigan ushbu marosim taomi qarindoshlar bilan birgalikda pishiriladi. Aytishlaricha, “semeni”ni tayyorlashga bayramdan bir kun oldin kirishiladi. Shunda 21 mart, Navro‘z kuni ertalab suziladi.

Ozarbayjon xalqi ham yasharish ayyomini katta tantana bilan kutib oladi. Mamlakatda shu kuni alohida bayram dasturxoni tuzaladi. Nomi “s” harfi bilan boshlanadigan yetti xil taom tayyorlanadi. Bundan tashqari, dasturxonga oyna, sham va bo‘yalgan tuxum qo‘yiladi. Bularning bari ramziy ma’noga ega: sham – yorug‘lik, olov, tuxum, oyna eski yil oxiri va yangi yil boshini anglatadi.

– Ozarbayjonliklar rangli tuxumni oynaga qo‘yishadi va tuxum chayqalishi bilan yangi yil boshlanadi. Stol atrofida o‘tirgan hamma bir-birini tabriklay boshlaydi. Dasturxonga pahlava, shekerbura, badambura va boshqa shirinliklar tortiladi, – deyiladi materialda.

Turkiyada urf-odat va an’anaga ko‘ra, Navro‘zning birinchi kunida kishi birinchi ko‘rgan narsa yil davomida u bilan birga bo‘ladi, deya ishonishadi.

Mamlakatda bahor bayrami payti odamlar yaxshi niyat, baxt, sog‘lik, uzoq umr, omad va farovonlik aks etgan kiyimda bo‘lishi kerak. Turklar uchun qadimdan arpa novdasi va tanga ham ramziy ma’noga ega. bugungi kunda tanganing o‘rnini qog‘oz pul egallagan.

Navro‘z, taxminan, uch ming yil avval forsiyzabon mamlakatlarda nishonlana boshlangani aytiladi. Bu bayram, ayniqsa, Eronda o‘zgacha ruhda qarshi olinadi.

Eron xalqi uchun Navro‘z eng muhim, rang-barang mazmunga boy bayram sanaladi. Bu nafaqat tarixiy va madaniy jihat, balki taqvim xususiyati bilan ham bog‘liq. Boisi, Navro‘z Eron quyosh taqvimiga ko‘ra, xronologiyaning siklik boshlanishi hisoblanadi.

Shu kuni har bir oilada dasturxon yozilib, turfa xil milliy taom, shirinlik, an’anaviy yeguliklar tortilishi tabiiy. Bayram arafasida esa uy-joy tartibga keltiriladi, ko‘ngil xiralik unutiladi, tortishib qolganlar yarashtiriladi. Shuningdek, idishlar hosil mo‘lligidan darak beruvchi yomg‘ir suvi, sut bilan to‘ldiriladi.

Xullas, ayyom butun qit’ada, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida shodiyona tarzda tantana qilinmoqda. Eng muhimi, ulug‘ Navro‘z shukuhi hech bir oilani chetlab o‘tmaydi.

Behruz Xudoyberdiyev,O‘zA